Osiyoda plastik mahsulotlari narxlari oshdi
Xitoy, Vetnam va Hindistondagi fabrikalarda keng qo‘llaniladigan past zichlikdagi polietilen kabi materiallarning narxi 55 foizgacha oshdi, deb xabar bermoqda "Bloomberg" nashri.
Ta’kidlanishicha, Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli Osiyoning bir qator mamlakatlarida plastik mahsulotlari narxlari 1,5 baravar oshgan.
Kecha AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik sulh tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishganini e’lon qildi. So‘ng Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi Hurmuz bo‘g‘ozi ochilganini e’lon qildi. Shu munosabat bilan global neft va gaz narxlari sezilarli darajada pasaydi.
Biroq bo‘g‘oz qayta ochilganiga qaramay, ayrim o‘lkalardagi neft va gaz konlarida qazib olish kamaygan, neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatini qisqartirgan yoki to‘xtatgan. Qolaversa, mintaqadagi ba’zi muhim infratuzilmalar ish tashlashlar natijasida zarar ko‘rgan, shu bois xom neft zaxiralarining tiklanishi sekin kechmoqda.
Ekspertlar fikricha, neft-kimyo narxlari darhol pasayishi ehtimoldan yiroq va plastmassalar ham arzonlashmaydi. Mart oyida AQSHning eng yirik neft-kimyo kompaniyasi “Dow Inc” bosh direktori Jim Fitterling Hurmuz bo‘g‘ozi ochilgan taqdirda ham global neft-kimyo ta’minoti avvalgi darajaga qaytishi uchun to‘qqiz oygacha vaqt ketishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
S.Rahimov, O‘zA