Osiyo xotin-qizlari forumiga tayyorgarlik ishlari boshlandi
Oliy Majlis Senatida Osiyo xotin-qizlari II forumini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yig‘ilishda tashkiliy qo‘mita a’zolari, senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida (2025-yil 23-29-sentabr) Osiyo xotin-qizlari forumini doimiy platformaga aylantirish taklifi ilgari surilgan edi.

Shu maqsadda mazkur anjumanni “BMT-ayollar” tuzilmasi va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi bilan birgalikda joriy yil 13-15-may kunlari Buxoro shahrida o‘tkazish belgilandi.
Forum doirasida mintaqa xotin-qizlarining siyosat, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash va ta’lim, ijtimoiy himoya, iqlim, ekologiya va boshqaruv sohalaridagi huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama etiladi. Bu boradagi global va mintaqaviy hamkorlik yanada mustahkamlanadi va o‘zaro tajriba almashiladi.

Forum orqali davlatimiz rahbari boshchiligida O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar, bandlik, tadbirkorlik, ta’lim va ijtimoiy himoya sohalarida yaratilgan shart-sharoitlar, obod mahallalar va farovon oilalar hayoti, turizm salohiyati hamda ilg‘or milliy tajriba xorijiy ishtirokchilarga yetkaziladi.
BMTning Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Xavfsizlik kengashining 1325-rezolyutsiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qoidalarini hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Yig‘ilishda tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy jihatlar, forum kun tartibi, uning mazmuni hamda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida forumni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha vazirlik va idoralar mas’ullari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
N.Abduraimova,
O‘zA