Osiyo taraqqiyot bankining yillik yig‘ilishi Samarqandda o‘tkaziladi
Shu yilning 3-6-may kunlari Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda uch mingdan ortiq ishtirokchi – bank rahbariyati va hamkor davlatlar bank-moliya idoralari mas’ullari, nufuzli delegatsiyalar qatnashishi kutilmoqda.
Ayni paytda “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi hamda shaharning boshqa ob’ektlarida ushbu nufuzli anjumanga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu borada maxsus shtab tashkil etilib, belgilangan vazifalarning bajarilishi kunlik monitoring qilinmoqda.
Jumladan, forum ishtirokchilariga transport xizmati ko‘rsatish yo‘nalishida ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish rejasi ishlab chiqilib, aeroport va temiryo‘l vokzallarida kichik shtablar tashkil etildi. Aynan ushbu darvozalar orqali kutib olinayotgan mehmonlarni ular joylashadigan mehmonxonalarga yetkazib qo‘yish uchun transport vositalari biriktirildi. 28-apreldan ushbu ob’ektlarda ikkitadan elektrobus ajratildi.
Tadbir ishtirokchilari joylashadigan shahardagi 50 ta mehmonxonani birlashtiradigan 8 ta transport xabi yaratilib, tadbirlar o‘tadigan joylarga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Yuqori darajali mehmonlarni kutib olish va o‘z manzillariga yetkazish uchun esa yuqori qulayliklarga ega transport vositalari biriktirildi.
Boshqaruvchilar yig‘ilishi kunlarida “Silk Road Samarqand” xalqaro turizm markazi hududida transport-logistikasini tashkil etish maqsadida shatl-bus yo‘nalishi tashkil etiladi. Mazkur yo‘nalishdagi elektrobuslar soat 7:30 dan 22:00 gacha 15 daqiqalik interval asosida tashuvlarni tashkil etadi. Bundan tashqari, ishtirokchilarni Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va boshqa diqqatga sazovor joylar, mehmonxona va restoranlarga yetkazib qo‘yish uchun xalqaro turizm markaziga 30 minutlik oraliqda elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Ta’kidlash lozimki, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning eng yirik moliyaviy sheriklaridan biri bo‘lib, bank tomonidan so‘nggi besh yilda mamlakatimizga 5,4 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. 2025-yilda bank portfelidagi O‘zbekiston bilan bog‘liq loyihalar 60 ga yaqin bo‘lib, ularning umumiy qiymati 9,5 mlrd dollarni tashkil etgan.
Bankning 2024-2028-yillarda mamlakatimiz bilan hamkorlik strategiyasi “yashil iqtisodiyot” va inklyuziv o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, energetika (qayta tiklanuvchi energiya, elektr tarmoqlari), suv ta’minoti va kommunal xizmatlar, transport va logistika, ta’lim va ijtimoiy infratuzilma, xususiy sektor va moliyaviy tizim, ekologiya va “yashil” iqtisodiyot asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi.
Bundan avval, 2010-yilda Toshkent shahri Osiyo taraqqiyot bankining 43-yig‘ilishiga mezbonlik qilgan edi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri