Osiyo o‘yinlari: kurash bahslarida 25 dan ziyod davlat vakillari qatnashadi
XX yozgi Osiyo o‘yinlari kurash musobaqalari doirasida “Aichi Martial Arts Hal” majmuasining anjumanlar zalida ishtirok etuvchi davlatlarning texnik delegatlari uchun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchisi Ziyoviddin Hojiniyozov, Yaponiya kurash federatsiyasi prezidenti Hideo Kamaga, Osiyo o‘yinlari Tashkiliy qo‘mitasi hamda milliy federatsiyalar vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi vakili Sato Hiroki tomonidan kurash musobaqalari o‘tkaziladigan sport majmuasi, bellashuvlar jadvali, ochilish va taqdirlash marosimlari bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Yig‘ilish yakunida anti-doping nazorati masalalari xususida so‘z yuritilib, sportchilarning belgilangan tartibda va o‘z vaqtida nazoratdan o‘tishini ta’minlash milliy federatsiyalar, murabbiylar va texnik delegatlar muhim vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Aytish lozimki, 25 tadan ziyod davlatning 100 nafarga yaqin sportchilari qatnashayotgan Osiyo o‘yinlari dasturiga muvofiq, ertaga kurash musobaqalari uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Bellashuvlar 3 ta erkaklar va 3 ta ayollar vazn toifalarida bo‘lib o‘tadi
Eslatib o‘tamiz, To‘rt yillikning “kichik olimpiadasi”da terma jamoamiz sharafini Bekmurod Oltiboyev, Shohrux Baxtiyorov, Ahror Ziyodullayev, Fotima Qodirova, Inobat Og‘ajonova, Shohista Nazarova hamda Pokiza Kamoliddinova himoya qiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA