Osiyo chempionati tantanali ochildi
Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov so‘zga chiqib, yil boshidan beri poytaxtimiz bir necha nufuzli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilayotgani, ushbu musobaqalarni o‘tkazishda davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilayotgani, bunday nufuzli tadbirlar aholi orasida jismoniy tarbiya va sportning yanada ommalashishi va Prezidentimiz ilgari surayotgan g‘oya – sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi. Musobaqani rasman ochiq deb e’lon qildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlatimiz madhiyasi yangradi.
Marosimning badiiy qismini O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoshidagi harbiy orkestr boshlab berdi. Shuningdek, turli sahna ko‘rinishlari, kuy va qo‘shiqlar yangradi.
Ta’kidlash joizki, ushbu musobaqa atletlarga Osiyo chempionati medallari bilan bir qatorda "Tokio–2020" Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun qimmatli reyting ochkolarini ham taqdim etadi.
[gallery-2078]
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA