Osiyo chempionati: Gandbolchilarimiz bugun Saudiya Arabistoni bilan o‘yin o‘tkazadi
Bugun, 29-avgust kuni Iordaniya poytaxti Amman shahrida gandbol bo‘yicha davom etayotgan 11-Osiyo chempionatining navbatdagi kun bahslarida O‘zbekiston U-18 terma jamoasi 5–8-o‘rinlar yo‘lidagi ilk uchrashuvni Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tkazadi.
Kecha poyoniga yetgan chorak final o‘yinida hamyurtlarimiz qit’aning eng kuchli jamoalaridan biri sanalgan Eron terma jamoasi bilan kuch sinashdi.
Uchrashuvning birinchi yarmida O‘zbekiston U-18 terma jamoasi munosib o‘yin namoyish etib, raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Ba’zi vaziyatlarda ochko hisobiga oldinga ham o‘tib oldi.

Biroq, ikkinchi bo‘limda katta tajribaga ega Eron jamoasi o‘ziga xos qarshilik o‘yinini namoyish etdi va 36:24 hisobida ustunlikka erishib, yarim finalga yo‘l oldi.
Bugun, shuningdek, Iordaniya va Quvayt jamoalari 5-8-o‘rinlar uchun kechadigan bahslarda ro‘baro‘ keladi. Ushbu bosqichda g‘olib chiqqan jamoalar 5-6-o‘rin uchun, mag‘lub bo‘lganlar esa 7-8-o‘rin uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Aytish lozimki, bugun, 29-avgust kuni Bahrayn, Janubiy Koreya, Qatar va Eron jamoalari yarim final uchrashuvlarida maydonga tushadi.
Chempionat 31-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA