O‘simliklar himoyasi eng muhim vazifa
Dehqonchilikda, xususan, tomorqadan samarali foydalanish borasida Navoiy viloyatining har bir hududi o‘ziga xos tajribaga ega. Buni Karmana tumanida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ko‘rish mumkin
Tumanning “Ayronchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida dehqonchilikning hadisini olgan mirishkorlar ko‘p. Elbek Nurullayev ana shulardan biri. 16 sotix tomorqaning 4 sotixida 110 tup anor ko‘chatini parvarishlab, yiliga 20 million so‘mgacha daromad olayotgan hamyurtimiz tomorqa daromad manbai ekanligini yaxshi biladi.

– Anor har xil tuproqli yerlarda o‘saveradi, ammo sizot suvlar chuqurroq joylashgan unumdor, suv bilan yaxshi ta’minlangan, suvni yaxshi o‘tkazadigan tuproqli yerlarda yaxshi o‘sadi va mo‘l hosil beradi, – deydi E.Nurullayev. – Asosan, tomorqamizda 30 yillik anor ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Mo‘l hosil olish maqsadida biologik usuldan foydalangan holda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarishga alohida e’tibor qarataman. Tomorqadagi biror ekin uchun kimyoviy vositalarni qo‘llamayman. Ekologik toza va sifatli mahsulotlarimiz bilan nafaqat ichki bozorlarni ta’minlashga, shu bilan birga viloyatda eksport hajmining ortishiga ham hissa qo‘shib kelayotganimdan xursandman.
Mazkur xonadonda tomorqaning qolgan qismi ham bo‘sh turmaydi. Yerning har qarichini qadrlaydigan sohibkor uzum, olma, o‘rik, xurmo, bodom va yong‘oq kabi mevali daraxtlar, qolaversa, turli poliz, sabzavot ekinlarini parvarishlamoqda.

Yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini yaxshilash, raqobatbardoshligini oshirish, pirovardida yurtimiz eksport salohiyatini kengaytirish agrar soha oldida turgan muhim vazifalardan sanaladi. Bu jarayonda asosiy e’tibor zararkunandalarga qarshi kurashish choralari bo‘lib, bunda sara mahsulot yetishtirish ko‘zda tutilgan. Respublikamizda yetishtirilayotgan anor va xurmo mevalarining tez kunda pishib yetilishi va eksport jarayonlari boshlanishini inobatga olgan holda urug‘, danak mevali bog‘larga jiddiy zarar yetkazib, eksport hajmining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Komstok qurti” va “Anor mevaxo‘ri” ga qarshi kurashish maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan joriy yilning 24 sentyabridan 7 oktyabriga qadar “Dolzarb o‘n besh kunlik” e’lon qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Navoiy viloyatida 65 gektar anorzor mavjud bo‘lib, shundan 42 gektari aholi tomorqasi ulushiga to‘g‘ri keladi. “Dolzarb 15 kunlik” tadbirlari davomida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan kelgusida nafaqat mahsulot yetishtirish, balki kuz-qish mavsumida qishloq xo‘jaligi hamda poliz mahsulotlarini saqlash jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar to‘g‘risida ham tomorqa yer egalari va fermerlarga kerakli tavsiyalar berilmoqda.

– Shu kunlarda “Komstok qurti” va “Anor mevaxo‘ri” zararkunandalari tarqalishining oldini olish maqsadida karantin dala nazorati ishlari amalga oshirilib, zararkunandalarga qarshi kimyoviy va biologik, agrotexnik yo‘l bilan kurashilmoqda, – deydi viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Oxunjon Obloqulov. – Hozirda agronom inspektorlar tomonidan “Dehqonga ko‘makchi” shiori ostida karantin zararkunanda hashorotlari va kasalliklariga qarshi kuchaytirilgan nazorat ishlari, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bunda aholi tomorqa yer egalari va fermerlarga hududdagi mevali daraxtlardan tortib, sabzavot va poliz ekinlarigacha fitosanitar nazorat tadbirlarini o‘tkazish bilan bir qatorda ularning murojaatlari asosida ham o‘rganishlar olib borilib, zaruriy tavsiya va ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

– Dastlab anor yetishtirishga bo‘lgan qiziqishim tomorqadagi 150 tup anor ko‘chatlarini parvarishlashdan boshlangan, – deydi Navbahor tumanining “Armijon” MFYda yashovchi Muhabbat G‘ofurova. – 11 sotixdan iborat tomorqada ekilgan ko‘chatlarning aksariyati qirq yillik bo‘lib, 1981 yilda ekilgan. Anor yetishtirishga bo‘lgan qiziqish sabab 2002 yildan fermerlik faoliyatini boshlaganman. Hozirda 1 gektar maydonda 1000 tupga yaqin eksportbop anor navlarini parvarishlab kelaman. Anorni parvarishlash jarayonida doimiy ravishda tuman O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib boraman, ko‘rsatmalariga amal qilaman.
Bugun yurtimizda har bir oilaning mo‘’jazgina yer maydonidan samarali foydalanishi natijasida tomorqa xo‘jaligi qo‘shimcha daromad manbaiga aylanmoqda. Bu esa aholi turmush darajasi yuksalib, tadbirkor oilalar safi kengayib, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmi ortishiga xizmat qilmoqda.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA