Ortiqcha olingan mablag‘ o‘z egasiga qaytarildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan “Qizilqum” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan gaz quyish shoxobchasi xizmatidan foydalangan fuqaro D.K.ning plastik kartasidan ortiqcha yechib olingan 3 million 600 ming so‘m mablag‘ni qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi avtomobiliga yoqilg‘i quyish maqsadida “G” gaz servis mas’uliyati cheklangan jamiyati yoqilg‘i quyish shoxobchasiga boradi. Avtomobilga quyilgan yoqilg‘i uchun 400 ming so‘m to‘lovni amalga oshirish jarayonida mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan iste’molchi D.K.ning plastik kartasidan ortiqcha 3 million 600 ming so‘m pul yechib olinadi. Fuqaro ortiqcha yechilgan mablag‘ni qaytarib olish maqsadida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimida tashkil qilingan 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoniga murojaat qoldiradi.
Mazkur murojaat Nukus shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilib, ortiqcha yechilgan mablag‘ o‘z egasiga qaytarildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA