O‘rta tibbiyot xodimlari maqomi oshiriladi
2027/2028 o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, shu jumladan, maqsadli qabul parametrlari doirasida talabalikka qabul qilishning minimal chegarasi kirish imtihonlarida to‘plash lozim bo‘lgan maksimal ballning 60 foizi etib belgilanadi.
Bu haqda “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilandi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot va farmatsevtika sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura va rezidentura dasturlari har bir o‘quv modulining akademik ko‘rsatkichlarini o‘zlashtirishda, shuningdek, davlat imtihonlarida minimal o‘tish ballari shifokor mutaxassisliklari uchun eng yuqori ballning
70 foizi, o‘rta tibbiyot xodimi mutaxassisliklari uchun 60 foiz etib belgilanadi.
Qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari yoki dasturlari orqali tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha (qo‘shimcha) ixtisoslashtirish bekor qilinadi.
Birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari (internatura)ga qabul bekor qilinadi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab hamshiralik ishi kasbiy ta’lim mutaxassisligi negizida tibbiy hamrohlik ishi mutaxassisligi hamda oliy hamshiralik ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi negizida oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi.
Bunda tibbiy hamrohlik ishi mutaxassisligi hamda oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishini bitirgan xotin-qizlarga hamshira hamda erkaklarga tibbiyot og‘asi kvalifikatsiyasi beriladi.
Oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida davlat buyurtmasi qabul parametrlari 2030/2031 o‘quv yiliga qadar har yili kamida 20 foizga oshirib boriladi.
Tibbiyot xodimlariga har oylik ustamalar to‘lab boriladi
Farmonga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlashning ikki yillik o‘quv dasturlariga qabul bekor qilinadi.
Oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashda rivojlangan xorijiy davlatlarning oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Tibbiy hamrohlik ishi mutaxassisligida ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash maqsadida magistratura dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 yanvardan tibbiyot, farmatsevtika va pedagog xodimlarning oylik maoshlariga quyidagi miqdorlarda bazaviy tarif stavkasi yoki lavozim maoshiga nisbatan har oylik ustamalar belgilanadi:
– bakalavriatni tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravari;
– magistraturani tamomlagan hamshiralar va tibbiyot og‘alariga – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravari;
– oilaviy tibbiyot bo‘yicha rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlar va shu yo‘nalishda magistraturani tamomlagan pedagog kadrlarga – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4 baravari.
Tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashtirish faqat rezidentura orqali amalga oshiriladi.
Magistratura qabul parametrlarining qisqarishiga qadar bo‘lgan miqdorining 20 foizgacha qismi magistratura dasturlari uchun saqlanadi.
Tibbiyot sohasida magistratura dasturi orqali tor soha mutaxassislarini tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi.
Magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qishga oliy ma’lumotga ega nomutaxassis, biroq turdosh sohalarda ta’lim olganlarni ham qabul qilishga ruxsat beriladi.
Magistratura dasturlari ilmiy-pedagogik (nomutaxassislardan faqat ilmiy) va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Nodavlat tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga tor soha mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, tashkilotning o‘z mablag‘lari hisobidan rezidentura dasturlari bo‘yicha o‘qishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi.
Oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha rezidentura talabalari Vazirlik tomonidan tibbiyot oliy ta’lim tashkilotiga biriktiriladigan oilaviy poliklinikalarda tayyorlanadi.
Bunda oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholiga tibbiy xizmatlar tibbiyot oliy ta’lim tashkiloti professor-o‘qituvchilari hamda rezidentura talabalari tomonidan ham ko‘rsatiladi.
Oilaviy poliklinikada rezidentura talabalari bir vaqtning o‘zida ham ta’lim oladi, ham amaliyot bilan shug‘ullanadi.
M.Qosimova, O‘zA