Orol baliqlaridan 99 turdagi taom
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida “Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” xalqaro gastronomik festivali hamda uning doirasida oshpazlar o‘rtasida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad Qoraqalpog‘iston Respublikasida yangi tashabbuslar, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish hamda Orolbo‘yi mintaqasini gastronomik turizm markazi sifatida xalqaro darajada brendlash, Orol baliqlari asosida milliy va zamonaviy 99 turdagi taomni yaratishdan iborat.

Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm xizmatlari turlarini diversifikatsiya qilish, mahalliy baliqchilik xo‘jaliklari, fermerlar va restoratorlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanishni, Orol mintaqasini xalqaro gastronomik xaritada yangi turistik destinatsiya sifatida shakllantirishni targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, boshqa hamkor vazirlik va idoralar tomonidan tashkil etilgan tanlovda Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlaridan, Toshkent shahri va viloyatlardan 50 nafardan ziyod oshpaz hamda havaskorlar ishtirok etdi. Har bir ishtirokchi o‘z retsepti va uslubiga muvofiq 5 turdagi, jami 100 turdagi baliq va baliqli taom tayyorladi.

Tanlov yakunida Kegeyli tumanidan Elmira Askarova birinchi, Qorao‘zak tumanidan Aynur Oksinbayeva ikkinchi, Amudaryo tumanidan Ruslan Ozotov uchinchi o‘rinni egalladi.
– An’anaviy o‘tkazilib kelinayotgan ko‘rik-tanlov yildan-yilga kengayib bormoqda. Joriy yilda Orolbo‘yidan tashqari, Toshkent shahri va viloyatlardan taniqli oshpazlarning ishtirok etgani buning yaqqol isbotidir. Eng asosiysi mazkur tadbir hududda gastronomik turizm yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy pazandalik an’analarini targ‘ib etish orqali sayyohlik oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi, – deydi Qoraqalpoq umumiy ovqatlanish korxonalari uyushmasi raisi Gulmirza Yuldashev.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.