O‘rmonlar yurt ko‘rki, toza havo manbai
Surxondaryo viloyatidagi “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligi ko‘chatchilikka ixtisoslashgan. Davlatimizning sohaga qaratayotgan e’tibori tufayli tashkil etilganiga qariyb yuz yil bo‘layotgan xo‘jalik mamlakatimizdagi yirik ko‘chat yetishtirish maskanlaridan biriga aylandi.
Sariosiyo tumanida tog‘lar qo‘ynidagi o‘rmon xo‘jaligi “Sangardak”, “Uzun” va “Zevar” bo‘limlaridan tashkil topgan. 106,5 ming gektar yer maydoniga ega yashil maskan bepoyon o‘rmon bilan qoplangan.


Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yashil maydonlarni kengaytirish, tevarak-atrofni yashillikka burkash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlariga talabni yanada oshirmoqda. Shunga muvofiq, xo‘jalikda yetishtirilayotgan ko‘chatlar hajmi va turi ko‘paytirilayotir. Ayni paytda “Uzun” bo‘limida 60 turdagi 7 millionga yaqin pavloniya, chinor, sadaqayrag‘och, qrim qarag‘ayi, qalliq, yapon tuti, eman, qizil do‘lana, yapon saforasi singari manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. 20 turga yaqin turli dorivor va ozuqabop o‘simlik yetishtirilmoqda.


– Ko‘chatlar viloyatimiz, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida ekilib, tevarak-atrofni yashillikka burkamoqda, – deydi Uzun davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori Ramziddin Nizomiddinov. – Shuningdek, dorivor giyohlardan ham samarali foydalanishni yo‘lga qo‘ya boshladik. Shu maqsadda shifobaxsh lavandadan foydali mahsulotlar, jumladan, yostiqchalar tayyorlab, sotishni joriy etdik.
Mutaxassislarning aytishicha, qadimdan ajdodlarimiz lavandadan dorivor o‘simlik sifatida foydalangan. Ko‘p yillik bu o‘simlik asablarni tinchlantirish, uyquni yaxshilash, boshdagi og‘riqlarni kamaytirishi bilan mashhur bo‘lgan. Dizenfeksiya qilish xususiyatiga ham ega. Hozir tibbiyot, oziq-ovqat, kosmetika, parfyumeriya va boshqa sohalarda keng ishlatiladi.


Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori keyingi o‘n yillikda o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirib, yangi o‘rmonzorlar barpo etish, ish o‘rinlari yaratish, o‘rmonlardan qo‘shimcha foydalanishni rag‘batlantirib, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Ko‘chatchilikka ixtisoslashgan “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligi ham Konsepsiyani amalga oshirish uchun aniq maqsadga yo‘naltirilgan rejalarni belgilab olgan. Shunga muvofiq yashil hududlarni kengaytirib, daraxt va butalarni parvarishlashga, yetishtirilayotgan ko‘chatlar turini ko‘paytirib, yurtimizda yashillik va barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Tabiat shaydolari uchun eko va agroturizm yo‘lga qo‘yilmoqda.


Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasining yana kuzgi mavsumi boshlandi. Xo‘jalik bu mavsumda ko‘chat ekib, bog‘ va “yashil belbog‘” yaratishni niyat qilgan yurtdoshlarimiz uchun 4, 5 million tup manzarali va 2,5 million tup mevali daraxtning sara ko‘chatlarini hozirlab qo‘yibdi. Hududlardagi bo‘sh yerlarning yashil boyliklar bilan qoplanishi tevarak-atrofda musaffolikni saqlab, tuproq tarkibini mustahkamlaydi. Eroziyaning oldini oladi. Bioxilma-xillikni saqlaydi. Iqlim o‘zgarishi sababli yuz berayotgan chang ko‘tarilishlarini pasaytirib, yurtimiz florasini rang-barang daraxt va o‘simliklar bilan yanada boyitadi. Ona tabiatni asl holida saqlab qolib, tabiiy resurslar va betakror go‘zallikni kelgusi avlodlarga asl holida yetkazishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri