O‘rindiq ostiga yashirilgan 23 dona o‘q-dori fosh qilindi
“Dovut-ota” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan, Gruziyadan Tojikistonga harakatlanayotgan yuk avtotransport vositasining bojxona nazorati davomida yuk avtomobiliga ortilgan BMW rusumli yengil avtomobil orqa o‘rindig‘i tagidan 23 dona 9 mm o‘q-dori (patron) aniqlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bo‘limi xulosasiga ko‘ra, aniqlangan vositalar jangovar o‘qotar qurol o‘q-dorilari bo‘lib, yaroqli holatda ekani va Chexiyada zavod usulida ishlab chiqarilgani tasdiqlandi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasida qurol va o‘q-dorilarni bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda olib o‘tish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri