Organik mahsulotlar yetishtirishning bugungi holati qanday?
Bugungi ekologik sharoitda organik mahsulotlar yetishtirish, ya’ni, kimyoviy o‘g‘itlar, sintetik pestitsidlar, antibiotiklar va genetik modifikatsiya qilingan organizmlar (GMO)ni qo‘llamasdan, tabiiy va ekologik xavfsiz usulda mahsulot yetishtirish dolzarb ahamiyatga ega. Organik mahsulotlarning afzalliklari shundaki, ular inson salomatligi uchun xavfsizroq va ekologik toza hisoblanadi, tuproq unumdorligi uzoq muddat saqlanadi, xalqaro bozorlarda yuqori talabga ega bo‘lib, eksport imkoniyatlarini oshiradi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan tashkil etilgan “Olam munozara klubi”ning navbatdagi sonida “Qishloq xo‘jaligida organik mahsulotlarni yetishtirish: yaratilayotgan imkoniyatlar va bugungi holat” mavzusi atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etib, organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning bugungi holati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, dunyo miqyosida kimyoviy vositalardan cheklangan holda yetishtirilgan, xavfsizligi va kelib chiqishi tasdiqlangan organik mahsulotlarga talab yil sayin ortib bormoqda. Bu esa organik qishloq xo‘jaligini nafaqat ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham istiqbolli yo‘nalish sifatida rivojlantirish zaruratini yanada kuchaytirmoqda.

Muloqot davomida organik mahsulot yetishtirishning tuproq unumdorligini saqlash, suv resurslaridan samarali foydalanish, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishdagi o‘rni atroflicha muhokama qilindi.
Ekspertlar organik mahsulot ishlab chiqarishda mahsulotning yetishtirilishidan tortib, uni yig‘ish, saqlash, tashish va sotishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishi zarurligini qayd etdi. Shuningdek, "organik", "tabiiy" va "ekologik toza" tushunchalarini aniq farqlash, mahsulotlarni xalqaro talablar asosida sertifikatlash hamda laboratoriya nazoratini takomillashtirish muhim vazifalardan biri sifatida e’tirof etildi.

Munozara davomida respublikamizda organik qishloq xo‘jaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish bosqichlari, organik mahsulotlar sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligining bugungi holati va istiqbollari, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy prinsiplari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Mutaxassislar organik ishlab chiqarishga o‘tish jarayonida fermerlarni moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sertifikatlash tizimini soddalashtirish, laboratoriya infratuzilmasini rivojlantirish, organik urug‘chilik va biologik himoya vositalarini keng joriy etish hamda mahsulotlarning kuzatuvchanligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, ichki bozorda organik mahsulotlar ulushini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish, GMO bo‘lmagan mahsulotlarni ommalashtirish va iste’molchilarga mahsulot tarkibi hamda sifati bo‘yicha ishonchli axborot taqdim etish dolzarb vazifalar sifatida qayd etildi.
Ta’kidlash lozimki, munozaralarda bildirilgan taklif va tavsiyalar mamlakatimizda organik qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish hamda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA