Orbansiz Vengriya, Moskvasiz energiya – Kremlga qarshi yurishning bahosi
Vengriyaning yangi hukumati Rossiyani mamlakat va Yevropa xavfsizligiga tahdid, deya baholagach, Moskvadan kutilgan keskin munosabat yangradi. RF Davlat dumasi Mudofaa qo‘mitasi a’zosi Andrey Kolesnik Budapesht yangicha tashqi siyosat yuritishda davom etishi Moskvadan keladigan neft va gaz ta’minotini xavf ostida qoldirishi mumkinligini bildirdi.
Bosh vazir Peter Madyar boshchiligidagi “Tisa” partiyasi aprel oyida Orban hukumatini mag‘lub etgandan keyin mamlakat tashqi siyosatida burilish yuz berdi. Budapesht Yevropa Ittifoqi va NATO bilan yaqinlashishi, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini aytib, RFning hatti-harakati Vengriya, Yevropa va xalqaro tartibga xavf solayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Kolesnik Vengriyaga rus nefti va boshqa energiya resurslari yetkazib berilishi to‘xtashi mumkinligiga urg‘u berdi. To‘g‘ri, hozircha Vengriya RF nefti va tabiiy gazini mislsiz hajmda import qilayotgan YeI davlatlardan biri bo‘lib turibdi: 2022-yil Rossiyadan quvur orqali neft olib kirish bo‘yicha joriy etilgan sanksiyaga Budapesht va Bratislava istisno olgan. Ayni holat energetika masalasini ikki davlat munosabatida muhim bosim vositasiga aylantirishi mumkin.
Orban davrida Budapesht Moskva bilan yaqin aloqani saqlagan, Rossiya Vengriyaga tahdid solmasligi ta’kidlab kelingan. Yangi hukumat Kremldan uzoqlashishga intilishi esa munosabatga yangicha tus bermoqda. RF Tashqi ishlar vazirligi hozircha yangi rahbariyat bilan pragmatik munosabatga tayyorligini bildirgan esa-da, Kolesnik bayonoti Moskva uchun energetika masalasi siyosiy bosim vositasi bo‘lib qolishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA