Oramizdagi odamlar
U yerdagi tadbirkorlarga mashhur “Qoʻqon holva”sini tayyorlashni oʻrgatadi.
Dunyo koʻrgan bogʻbon
Fargʻonada holvayu novvotlari bilan dongʻi ketgan qandolatchilar sulolasining yettinchi vakili Nodir Rahimov 2000-yil Turkiyaga xizmat safari bilan boradi. U yerdagi tadbirkorlarga mashhur “Qoʻqon holva”sini tayyorlashni oʻrgatadi.
Tajriba va ilm almashadi. Turkiya shaharlarini sayr qilib, ajib bir manzaraning guvohi boʻladi. Yaʼnikim, qahraton qishning sovugʻida mandarin mevasining pishib turganini koʻradi. Soʻngra ushbu holatni oʻrganadi. Oʻzi tugʻilib oʻsgan Dangʻara tumanida mandarin oʻstirish ishlariga kirishib ketadi.
Oradan ikki-uch yil oʻtib, Nodir akaning mehnati oʻz samarasini bera boshladi. Dastlab ikki-uch xil sitrus mevalarni ekib, mahalliy sharoitda parvarish qilgan boʻlsa, bugun 15 xil ana shunday mevalarni ommalashtirib, bogʻdorchilik bilan qiziqqan yuzlab insonlarni oʻzi yetishtirgan koʻchatlar bilan taʼminlamoqda. Bir vaqtlar havaskorlik bilan boshlangan ishlari bugun havas qilsa arziydigan darajaga yetgan...
– Koʻchat parvarishida, avvalo, unga mehr, eʼtibor berish kerak, – deydi Nodir Rahimov. – Yosh bolaga qanday parvo qilsak, koʻchatni ham xuddi shunday parvarish qilishimiz kerak. Men koʻchat sotib oladigan xaridorlarimga har safar shuni uqtiraman. Koʻchat tezroq hosilga kirishi uchun vaqtida suvini, ozuqasini berib turish lozim. Ularning narxi qimmat boʻlgani uchun xaridorlardan pulni koʻchatlar hosilga kirgandan soʻng olamiz. Oʻzimiz ularni yerga qadashda koʻmaklashamiz. Bu dunyoda uddasidan chiqib boʻlmaydigan ishning oʻzi yoʻq. Afrika banani oʻzimizda pishishini, limon va mandarinlar mahalliy mevalar qatorida bogʻlarimizda oʻsishini kim oʻylabdi, deysiz?!. Oxirgi paytlarda kuzatgan boʻlsangiz, bozorlarimizda anordan mandarin arzon, kivi va nokning narxi teng boʻlib qoldi. Bunga ushbu mevalar mahalliy sharoitda yetishtirilayotgani sababdir.
Nodir akaning aytishicha, Oʻzbekiston sharoitida mandarin va apelsinning limon bilan chatishtirilgan koʻchatlari koʻpaygan. Ushbu koʻchat mevalari biroz taxir va hosili kamroq boʻlgani uchun oʻrniga 12 gradusgacha sovuqqa chidamli Misr va Turkiyadan maxsus koʻchatlar olib kelinib, koʻpaytirilmoqda ekan. Ular koʻp joy egallamaydi va boʻyi ham u darajada baland boʻlmaydi. Shuning uchun bir-birining soyasi tushmaydi. Bodomning 10 ga yaqin navlari parvarish qilinmoqda. Ushbu koʻchatlar ekilgan yildan boshlab hosilga kiradi. Yildan-yilga hosil koʻpayaveradi. Bodomning har bir koʻchatidan yiliga 25-30 kilogrammgacha, mandarindan esa 150-300 kilogramgacha hosil olsa boʻladi.
– Qaysi davlatga borsam, albatta, oʻsha yerdagi bogʻbonlarning tajribasini oʻrganaman, – dedi N.Rahimov. – Oʻrganganlarimni qoʻl ostimda ishlaydiganlarga ham oʻrgataman. Bugunga qadar 20 ga yaqin mamlakatda boʻlib, bogʻdorchilikda Turkiya, Germaniya va Misr tajribasini puxta oʻrgandim. Daromad ham koʻz tegmasin yomon emas. Ishchilarimga mehnatiga yarasha, kerak boʻlsa, ortigʻi bilan yordam beraman. Oʻzim ham qiyinchilikda oʻsganman. Tirikchilik tashvishi va hayot qiyinchiliklari bilan oliy oʻquv yurtida oʻqiy olmaganman. Shuning uchun mendan ish soʻrab kelgan yoshlarga ham oʻqib, ham ishlashni tavsiya qilaman. Har holda diplomli kishi xor boʻlmaydi.
Biznesda “noldan koʻtarilgan tadbirkor” degan xalqona ibora bor. Nodir Rahimov ham ana shunday insonlar sirasiga kiradi. Mehnatidan rahmat eshitayotgan qahramonimiz bugun bogʻdorchilikda yangi tajribalar ustida ish olib bormoqda.


