O‘quvchilarning yo‘l harakati xavfsizligiga oid bilimlari ortmoqda
Andijon viloyatida o‘quvchi yoshlar ishtirokida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari kelib chiqishining oldini olish va giyohvandlikning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Andijon viloyati IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan «Diqqat, bolalar» profilaktik tadbirlari doirasida Andijon shahridagi «ZMB School» xususiy maktabida o‘tkazilgan tadbirda ham o‘quvchilarga voyaga yetmaganlarning yo‘l harakatida xavfsiz ishtirokini ta’minlash, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, avtomashinani hujjatsiz va tegishli huquqqa ega bo‘lmagan holda boshqarishning og‘ir oqibatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbirda yoshlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning zarari, uning inson salomatligi, kelajagi va jamiyatga salbiy ta’siri yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.


O‘quvchilar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, yo‘l harakati xavfsizligiga oid bilimlarini yanada boyitdi.
Tadbirda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish nafaqat mas’uliyat, qonuniy talab, balki inson hayoti va salomatligini asrashning muhim garovi ekanligi alohida qayd etildi.


Bu kabi profilaktik tadbirlar viloyatdagi ta’lim muassasalarida reja asosida o‘tkazib kelinmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri