O‘quvchilar uchun soliq bilimlarini targ‘ib qilish tanlovi
Xorazm viloyati Urganch shahridagi Yoshlar markazida “Soliq bilimlari – yosh avlodga” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlovda viloyat bo‘yicha uch mingdan ortiq 5-11 sinf maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tanlovning maqsadi o‘quvchilarda soliqlarning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati hamda soliq to‘lash har bir fuqaroning konstitutsiyaviy burchi ekanligi haqida ongli munosabatni shakllantirish, shu orqali yosh avlodni madaniyatli va mas’uliyatli soliq to‘lovchi sifatida voyaga yetkazishdir.
– Tanlovning ilk bosqichidayoq o‘quvchilar o‘z bilim va iste’dodini namoyon etib, tuman va shahar miqyosida saralandi, – deydi Xorazm viloyati soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Inobat Murodova. – G‘oliblar esa viloyat bosqichida soliq mavzusini ijodiy ruhda talqin etdi. Kimdir o‘z inshosida soliqning jamiyat hayotidagi o‘rni, uning inson mas’uliyati bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’sirchan misollar bilan ifoda etgan bo‘lsa, yana kimdir zamonaviy axborot maydonini tanlab, videorolik va videorelslar orqali tengdoshlariga murojaat qilishdi.
[gallery-27884]
Darhaqiqat, Xiva tumanidan ishtirok etgan 5-sinf o‘quvchisi Dilnura Komilova o‘z fikrlarini ranglar orqali qog‘ozga tushirdi. U “Soliqlar bilan kelajak sari” degan manzarani chizdi. E’tiborlisi, uning ijodiy ishida soliq tushunchasi quruq raqam yoki hisob-kitob emas, balki taraqqiyotga qo‘shilgan hissa sifatida talqin etildi.
– Men chizgan suratimda soliqlar davlatimiz byudjetining asosiy manbasi ekanligini tasvirlashga harakat qildim, – deydi Xiva tumani 39-maktab o‘quvchisi Dilnura Komilova. – Soliqlar hisobiga shakllangach, ularning nimalarga sarflanishini, ya’ni bepul ta’lim va tibbiy xizmat, yo‘l infratuzilmasi, harbiy va boshqa muhim sohalar, shuningdek, oylik maosh, stipendiya va nafaqa sifatida jamiyatimizga qaytib kelishini suratimda ifoda etdim.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra “Soliqlar mavzusining suratlardagi tasviri” – eng yaxshi rasm Xiva tumani 39-maktab o‘quvchisi Dilnura Komilova birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Soliq: kecha, bugun, ertaga” mavzusidagi eng yaxshi insho yo‘nalishida Xiva shahridagi 17-maktab o‘quvchisi Shodiya Matkarimova g‘olib bo‘ldi. Xonqa tumani 40-maktab o‘quvchisi Murodbek Qilichev tomonidan yaratilgan videomaterial esa “Soliqlar nimaga to‘lanadi va nimalarga sarflanadi?” mavzusidagi eng yaxshi videorolik va rels deya e’tirof etildi.
Bu kabi tanlovlar soliq madaniyatini shakllantirish faqat kattalar o‘rtasida emas, balki yosh avlod, ayniqsa, o‘quvchilik paytidan boshlanishi kelgusida jamiyatning barqaror rivoji uchun xizmat qiladi.
G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari