O‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlari yanada mazmunli o‘tadi
Andijonda “Maktab maslahatchilari forumi” loyihasi boshlanishiga bag‘ishlangan viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati "Kelajak" markazi tashabbusi bilan Oltinko‘l tumanidagi 12- umumta’lim maktabida tashkil etilgan seminarda markaz hamda tuman, shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlari mutaxassislari, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari tashkil etilgan maktablar vakillari, o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Seminar ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati "Kelajak" markazi direktori Fayzullo Dadajonov va boshqalar maktab maslahatchilarining yoshlar tarbiyasi, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdagi o‘rni, shuningdek, forumning maqsad va vazifalari haqida gapirdi.


Forum doirasida maktab maslahatchilari faoliyatini takomillashtirish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, hozirda Qo‘rg‘ontepa, Bo‘ston, Asaka va Xo‘jaobod tumanlarida tashkil etilgan “Kelajak kemp” yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyatini samarali yuritish, boshqa tuman va shaharlarda ham mana shunday oromgohlar tashkil etish haqida fikr va mulohazalar bildirildi.


Seminar davomida maktablarda tashkil etilgan turli to‘garaklar ko‘rgazmalari, sport musobaqalari, “Zakovat” bellashuvi, iqtidorli o‘quvchilarning sartap loyihalar taqdimotlari hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘tkazildi.

Seminarda o‘quvchi yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda maktab maslahatchilarining bilim va tajribasini oshirishga, faoliyatlariga ilg‘or ish uslublarini joriy etishga qaratilgan qator loyiha va tadbirlar ham o‘tkazildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari