O‘quvchi muddatidan oldin talaba bo‘ldi
Nukus shahridagi 46-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Namuna Maxmutova 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi.
Jumladan kimyo fanidan – 66,47 ball (A), biologiyadan – 65,5 ball (A), rus tili va adabiyotidan – 64,26 ball (B+), tarix fanidan – 63.33 ball (B+), matematikadan – 50.54 ball (C+) to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa unga 15 yoshida muddatidan 2,5 yil oldin talaba bo‘lish imkonini berdi.
– Bularning barchasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ijobiy samarasidir, – dedi Namuna Maxmutova. - Bugungi kunda bilim olaman, ma’lum bir kasb egasi bo‘laman degan yoshlarga barcha sharoit yaratilgan. Bizga shunday imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Kelajakda shifokor bo‘lishni maqsad qilganman.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, bugungi kungacha Nukus shahridagi 38-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Dildora Yerdasheva kimyo, biologiya, matematika, o‘zbek tili va adabiyoti hamda tarix fanlaridan 189 ball, Nukus tumanidagi 1-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflari bor umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Nilufar Otarbayeva 189 ball, Ellikqal’a tumanidagi 68-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sevara Orinbayeva ingliz tili, o‘zbek tili va adabiyoti, tarix va matematika fanlaridan 189 ball, Nukus shahridagi 7-sonli maktabining 11-sinf o‘quvchisi Zuhra Reymbayeva 5 ta fandan 189 ball to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘lishga erishgan bo‘lsa, Beruniy tumanidagi 69-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Asaloy Sarsenova o‘zbek tili va adabiyoti, ingliz tili hamda tarix fanlaridan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Bunday o‘quvchilar safi ko‘payib bormoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri