O‘quv qo‘llanmalar ilk bor qoraqalpoq tilida
Joriy yildan boshlab umumta’lim maktablari o‘quvchilari PISA va PIRLS kabi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu maqsadda o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar yaratildi va yurtimiz bo‘ylab ta’lim muassasalariga tarqatildi. Shu turdagi qo‘llanmalar ilk bor qoraqalpoq tilida ham nashr etildi.
Ta’lim inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan 4 nomdagi “Matematikalíq sawatxanlíq, oqíw sawatxanlíq, tábiyiy pánler boyínsha sawatxanlíǵí, oqíwshílardíń oqíw sawatxanlíǵín bahalaw” kabi qoraqalpoq tilidagi qo‘llanmalar 200 ta nusxada chop etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi, tuman xalq ta’limi bo‘limlari hamda Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rishga yo‘naltirilgan 27 ta tayanch maktablarga yetkazib berildi.

Shuningdek, 180 dona «TIMSS 2019 Baholash qamrov doirasi», «TALIS tadqiqoti», «PISA 2018 O‘qish savodxonligi qamrov doirasi», «PIRLS 2021 tadqiqoti qamrov doirasi», «TIMSS 2023» nomdagi qo‘llanmalar, tarqatma materiallar va xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rishga yo‘naltirilgan tayanch maktablar uchun «Treninglar o‘quv dastur»lari bepul yetkazib berildi.
bugungi kunga qadar milliy markaz tomonidan jami 35 nomdagi qo‘llanma va tarqatma materiallar barcha hududlar qatorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi hamda tayanch maktablarga bepul tarzda yetkazib berilgan edi.

Ushbu ishlab chiqilgan qo‘llanma va tarqatma materiallar maktab jamoalari, xususan, fan o‘qituvchilarining xalqaro baholash dasturlari va modellari, asosiy jihatlari, baholanayotgan ko‘nikma va kompetensiyalar, o‘quvchilar olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llay olish, muammoni hal qilish, mantiqiy fikrlash, o‘qib tushunish, xulosalar chiqarish, g‘oyalarni umumlashtirish, talqin va tahlil qilish, bir so‘z bilan aytganda XXI asr o‘quvchilaridan talab etiladigan ko‘nikmalarni baholash va rivojlantirish omillari haqida tasavvurlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, ushbu qo‘llanmalar yurtimizda kompetensiyaga asoslangan milliy baholash tizimini yaratish, o‘quvchilarni fikrlashga o‘rgatadigan metodikalarni joriy etish hamda qo‘shimcha o‘quv va metodik adabiyotlarni yaratishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Fayzullo Yaxyoyev, O‘zA