O‘quv jarayonini zamonaviylashtirish – davr talabi
Globallashuv sharoiti yuksak salohiyatli, bilimli, mas’uliyatli va raqobatbardosh kadrlar yetishtirishni talab qilmoqda. Vaholanki, har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yuksak malakali kadrlar muhim o‘rin tutishi hech kimga sir emas.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti yurtimizda xalqaro munosabatlar sohasida diplomatik qarashlarga ega, salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga asosiy e’tibor qaratmoqda.
Xususan, universitet faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ta’lim jarayonini optimallashtirish maqsadida “Talabalarni qabul qilish va rasmiylashtirish” bo‘limi tashkil etilib, bir qator yangi vazifalarni bajarishga kirishildi. Bo‘lim universitetning akademik faoliyatini boshqarishda markaziy o‘rin tutadi.
Bo‘limning asosiy faoliyati universitetning akademik va ma’muriy-tashkiliy jarayonlarini muvofiqlashtirishni o‘z ichiga oladi. Talabalar bilan o‘qish jarayonida yuzaga keladigan barcha masalalar, shuningdek, o‘quv jarayonidagi texnik va huquqiy hujjatlar, huquqiy ko‘rsatmalar bo‘yicha xizmatlar “Talabalarni qabul qilish va rasmiylashtirish” bo‘limi tomonidan tizimli tarzda taqdim etiladi.

Ushbu bo‘limning asosiy xizmat va vazifalari xususida universitetning “Talabalarni qabul qilish va rasmiylashtirish” bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Mo‘minov quyidagilarni ma’lum qildi.
–Bo‘limning asosiy xizmatlaridan biri bu QR-kodli diplomlar shakllantirish va diplomdan ko‘chirmalarni berishdir. Diplom va transkriptlar, talabalar uchun kerakli hujjatlar sifatida belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va ro‘yxatga olinadi. Bundan tashqari, talabalarni “Moodle” tizimiga ro‘yxatdan o‘tkazish, tizimdagi shaxsiy profillarini yangilash va seminar guruhlariga ajratish kabi muhim vazifalar amalga oshiriladi. Talabalarning “Moodle” tizimidagi shaxsiy login-parolini tiklash va tizimga yangi talabalarni qo‘shish bo‘yicha xizmatlar taqdim etiladi.
Talabalar uchun yakuniy va oraliq nazoratlar, seminar guruhlari va baholash qaydnomalarini shakllantirish bo‘yicha ishlar tashkil etiladi. Bu jarayonlar nafaqat o‘quv rejalariga, balki talabalarning akademik faoliyatini baholash tizimining yanada samarali ishlashiga yordam beradi. O‘quv rejalarini va dars jadvalini shakllantirishda esa o‘quv rejalariga kiritilgan fanlar va dars jadvali belgilangan tartibda shakllantiriladi va talabalar va professor-o‘qituvchilarga yetkaziladi. Bu o‘quv jarayonining tizimli va samarali ishlashini ta’minlash uchun muhim hisoblanadi.
Shuningdek, bo‘lim xalqaro aloqalar bo‘yicha ham faoliyat olib boradi. Xorijiy universitetlarga akademik ma’lumotlarni jo‘natish, o‘qishni ko‘chirgan talabalarning akademik kreditlarini hisoblash va moslashtirish hamda xorijiy talabalarning viza va yashash ruxsatnomalarini olish jarayonlarini boshqarishga ko‘maklashish bo‘limning xalqaro aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan xizmatlar hisoblanadi. O‘quv jarayoniga doir axborot ta’minotiga kelsak, talabalarning o‘quv jarayonidagi muvaffaqiyatlari va o‘quv rejalariga muvofiq faoliyatini monitoring qilish, baholash qaydnomalarini yig‘ish va yakuniy nazoratlar bo‘yicha apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish kabi vazifalar ham bo‘lim tomonidan amalga oshiriladi.
Arxiv ishlari va talabalar hujjatlarini rasmiylashtirishda talabalarning shaxsiy hujjatlarini saqlash va hujjatlarda yuzaga kelgan xatoliklarni tuzatish bo‘yicha xizmatlar taqdim etiladi. Universitetning elektron ta’lim tizimlarida saqlangan barcha akademik hujjatlar muhofaza qilinadi va yangilanadi. O‘quv jarayoni texnik ta’minotini, yakuniy nazoratlarni o‘tkazish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda talabalar uchun ma’lumot va qo‘llanmalar tayyorlashni ham o‘z ichiga oladi.
Yuqorida sanab o‘tilganlar bo‘lim tomonidan amalga oshiriladigan asosiy vazifa va xizmatlar bo‘lib, mazkur bo‘lim jami 60 ga yaqin vazifani o‘z zimmasiga olgan.
Bu kabi yangiliklar va islohotlar universitetning o‘quv jarayonini zamonaviylashtirishga xizmat qilmoqda. Talabalar va professor-o‘qituvchilarni yangi texnologiyalar bilan tanishtirish, ularga zamonaviy va qulay xizmatlarni taklif qilish orqali ta’lim sifatini oshirishga harakat qilinmoqda.
Maqsad universitetning ilg‘or metodologiyalarini ommalashtirish, talabalar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish va ta’lim sifatini oshirishdan iborat.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA