O‘quv binolari, talabalar turar-joylari bir maromda isitilmoqda
Andijon davlat universitetida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasidagi ishlar belgilangan chora-tadbirlar asosida amalga oshirilganligi natijasida o‘quv binolari, talabalar yotoqxonalari va boshqa inshootlar bir maromda isitilmoqda.
– Bugungi kunda mavjud 5 ta o‘quv binosi, 5 ta talabalar turar joyi va boshqa yordamchi binolar isimoqda, – deydi Andijon davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori Baxtiyorjon Akbaraliyev. – Ko‘mir, tabiiy gaz va suyuq yoqilg‘i bilan isitishga mo‘ljallangan 6 ta isitish qozonxonasi o‘z vaqtida sifatli ta’mirlandi. Ichki isitish tizimi quvurlari yuqori bosim ostida yuvilib, nazoratdan o‘tkazilgan. Shuningdek, tashqi issiqlik trassalarining 350 metr qismi issiqlik saqlovchi materiallar bilan qoplangan. Bundan tashqari, isitish uchun yetarli miqdorda ko‘mir, suyuq yoqilg‘i zaxirasi yaratilgan.

Tayyorgarlik doirasida elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish maqsadida yuqori kuchlanishli elektr kabellarining qobiqlari laboratoriya ko‘rigidan o‘tkazilib, zarur ta’mirlash ishlari olib borildi, yaroqsiz holga kelgan kabellar yangisiga almashtirildi.
O‘quv binolari va talabalar turar joylariga 866 kVt quvvatli quyosh panellari, sig‘imi 8 ming litr bo‘lgan 40 dona quyosh suv isitish kollektori va sensorli datchiklar o‘rnatilgan.

Bino va inshootlarni isitish uchun foydalaniladigan qozonlarni energiya tejamkor rejimga o‘tkazish, xonalar va tashqi muhit haroratini inobatga olgan holda pasaytirish maqsadida 2 ta ichki isitish qozonxonasi barpo etildi. Mazkur qozonxonalarga Turkiya davlatidan 3 dona 1 ming 160 kVt.li hamda 4 dona 500 kVt.li avtomat boshqaruv tizimiga ega “Kuzlusan” isitish qozonlari olib kelib o‘rnatildi.
Kafolat muddati 15 yil bo‘lgan ushbu qozonlar avtomat o‘t oldirish moslamasiga ega. Ushbu qozonxonalarni ishga tushirilishi natijasida universitetda 600 ming m3 tabiiy gaz hamda 35 ming kVt.soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ayozli kunlarda mas’ullar tomonidan o‘qituvchi va xodimlar, talabalar o‘rtasida binolar ichidagi issiq haroratni saqlash, elektr energiyasidan oqilona foydalanish, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari