O‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazildi
Navoiy davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputatlarining saylovlarini o‘tkazuvchi tuman, shahar saylov komissiyalarining raisi, rais o‘rinbosari va kotiblari uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mazkur o‘quvlarda tinglovchilarga saylov tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar, aralash saylov tizimining mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlari, saylov komissiyalari faoliyatining asosiy jihatlari, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish va ushbu ro‘yxatlar bilan ishlashda saylov komissiyalari oldida turgan vazifalar, saylov komissiyalari binolari va ovoz berish xonalarini jihozlashga qo‘yilgan talablar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish kuniga tayyorgarlik, saylov jarayoni ishtirokchilari bilan hamkorlik, shuningdek, saylov natijalarini aniqlashning nazariy va amaliy jihatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar beriladi.

– Joriy yildan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga o‘tkaziladigan saylovlar yangicha tizimda bo‘ladi, – deydi Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi a’zosi Xurshid Qurbonov. – Saylovlarni ochiqlik va oshkoralik bilan o‘tkazish jarayoniga hech birimiz befarq bo‘lmasligimiz, aksincha Vatanimiz kelajagi uchun faol bo‘lishimiz zarur. So‘nggi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, saylovni qonuniylik, adolatlilik, xolislik va oshkoralik prinsiplari asosida o‘tkazishda yangi talablarni qo‘ymoqda. Bu, o‘z navbatida, saylov jarayonlarini qonunchilikka mos tarzda uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun, eng avvalo, saylovlarni o‘tkazuvchi tuman, shahar saylov komissiyalarining raisi, rais o‘rinbosari, kotiblari, a’zolari hamda saylov jarayonining boshqa tashkilotchilarining huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmasini yanada yuksaltirish bo‘yicha bir qator zarur tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Ushbu seminar-treninglar Respublika va hududiy trenerlar nazoratida o‘quv-amaliy mashg‘ulot sifatida tashkil etilmoqda. Treninglarda interfaol vositalar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilgani mashg‘ulotlarning sifat va samaradorligini oshirmoqda.
Ishtirokchilar seminarda olgan nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlarda yanada mustahkamladi.
Tuman, shahar saylov komissiyalarining raisi, rais o‘rinbosari va kotiblari uchun tashkil etilgan ikki kunlik seminar-treninglar yakunida spv.bimm.uz portalida test topshirishib, olgan bilimlarini nazoratdan o‘tkazishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri