Oqova suv tarmoqlarini ifloslantirganlarga chora ko‘rildi
Atrof-muhit musaffoligi, kommunal infratuzilmaning barqaror ishlashi va aholi salomatligini muhofaza qilish, oqova suv tarmoqlaridan belgilangan qoidalar asosida foydalanish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish har bir korxona va tadbirkorlik sub’ektining muhim majburiyati sanaladi. Afsuski, bu borada mas’uliyatsizlik holatlari ayrim joylarda hali ham uchrab turibdi.
Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan viloyat bo‘ylab navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad oqova suv chiqarib yuborish tarmoqlariga belgilangan me’yordan ortiq darajada ifloslantiruvchi moddalar tashlanishining oldini olish, tizimga yetkazilayotgan zararni bartaraf etish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlashdan iboratdir.
Nazorat jarayonlari amaldagi qonunchilik talablari asosida, tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlari to‘liq inobatga olingan holda tashkil etildi. Xususan, tekshirish ishlari “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi va Biznes-ombudsman belgilangan tartibda xabardor qilindi. Bu esa tadbirlarning ochiq, shaffof va adolatli o‘tishini ta’minladi.

O‘rganishlar davomida bir qator korxona va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan faoliyat jarayonida hosil bo‘lgan oqova suvlar maxsus tozalash uskunalarisiz yoki ekologik talablarga zid holda umumiy tarmoqqa chiqarib yuborilgani aniqlandi.
Viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi matbuot kotibi Behruz Usmonovning ma’lum qilishicha, 22 ta holatda oqova suv tarkibidagi zararli va ifloslantiruvchi moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yordan bir necha barobar yuqori ekani qayd etilgan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilib, mas’uliyatsiz yondashgan sub’ektlarga nisbatan jami 86 million so‘mga yaqin ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, oqova suvlarning me’yordan ortiq darajada ifloslanishi shahar kanalizatsiya quvurlarining yemirilishiga, tozalash inshootlari ish faoliyati izdan chiqishiga va umumiy ekologik vaziyat yomonlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Inspeksiya bosh mutaxassisi Sanjar Ravshanovning ta’kidlashicha, bunday tadbirlardan maqsad tadbirkorlarni jazolash emas, balki ularning jamiyat va tabiat oldidagi mas’uliyatini yana bir bor eslatishdir.
Darhaqiqat, ona tabiatni asrash, kommunal mulkka ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va qonun talablariga rioya etish har bir fuqaro va tadbirkorning burchidir. Zero, toza muhit va sog‘lom hayot tarzi barchamizning umumiy manfaatimizdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.