Oqoltinda loyihalar yarmarkasi
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarda tijorat banklarining faolligini oshirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan tavsiya va topshiriqlar ijrosini ta’minlash, tashabbuskor tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Loyihalar yarmarkasi” tashkil etildi.
Yarmarkada Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tumanlarida ishga tushirilgan va muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan biznes rejalarining taqdimotlari o‘tkazildi.
Ushbu tajribalar mahallalardagi ishbilarmonlarni yangi biznes g‘oyalarini rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ruhlantiradi.
Tuman hokimligi va tumanga biriktirilgan tijorat banklari tomonidan tashkil etilgan mazkur yarmarkada qatnashchilarga biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘z biznesini boshlash va rivojlantirishda talab etiladigan asosiy bilimlar va ko‘nikmalar, shuningdek, tijorat banklari tomonidan taklif qilinayotgan imtiyozli kreditlar va tadbirkorlikka oid yangiliklar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu esa mahallalarda tadbirkorlik qilayotgan, ammo moliyaviy muammolar tufayli faoliyatini kengaytira olmayotgan tadbirkorlar, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan, lekin faoliyatini boshlay olmayotgan aholi vakillari uchun nihoyatda qo‘l keldi. Ular o‘zlarini qiynab turgan masala va muammolarga yechim topish barobarida biznes va tadbirkorlik sohasidagi yangiliklar va trendlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
[gallery-22614]
Xullas, Oqoltin tumanida o‘tkazilgan “Loyihalar yarmarkasi” mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, biznes va tadbirkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, faoliyatini kengaytirish istagida bo‘lganlar uchun foydali bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari