Oqmang‘itda ayni pishiqchilik payti
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlab kelayotgan Nukus tumani fermer xo‘jaliklarining dalalarida ayni pishiqchiliq payti.
–bugungi kunda 2 ming gektar maydondagi g‘o‘zani parvarishlash, sabzavot, poliz ekinlari, dukkakli va moyli ekinlarni yig‘ib-terib olish ishlari olib borilmoqda, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limining boshlig‘i Ravil Bekniyazov. – Joriy yilning dastlabki hosili g‘alla yetishtirish bo‘yicha barcha fermer xo‘jaliklarida shartnomaviy reja ortig‘i bilan bajarildi. Bunda davlatimiz rahbarining joriy yil 29 maydagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, g‘allani davlat ehtiyojlari uchun zarur hajmdan ortiq xarid qilishdan voz kechilishi dehqonlarimizga yanada ko‘proq daromad olish imkoniyatini yaratdi. Natijada tumandagi g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklarining aksariyatida hosildorlik yuqori bo‘ldi. Jumladan, “Qrantov” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Xo‘jamurat-Oqmang‘it”, “Qutanko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Orazgul-Abat”, “Uzoq-Ruslan”, “Arbashi” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Botir” fermer xo‘jaliklarida hosildorlik 60-70 sentnerdan to‘g‘ri keldi.
[gallery-7900]
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholini arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan tumanda joriy yilda 218 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4200 gektarga sabzavot, poliz ekinlari ekildi. Shundan, 2300 gektarini sabzavot, 1065 gektarini qovun-tarvuz, 250 gektarini kartoshka va boshqa ekinlar tashkil etadi.
bugungi kunda fermerlar tomonidan yetishtirilgan sabzavot, poliz ekinlarini yig‘ib-terish ishlari olib borilib, “daladan-rastagacha” tamoyili asosida aholiga arzon narxlarda sotilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dehqonlar pomidorning o‘zidan gektariga 15-20 million so‘m, qovun-tarvuzlardan 10 million so‘m atrofida daromad qilmoqda.
So‘nggi yillari ichki bozorlarni ta’minlab qolmasdan, mahsulotlarni eksport qilishga ham ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, tumandagi “Qrantov” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Biogumus” fermer xo‘jaligi har yili 100 tonna quritilgan pomidorni Italiyaga eksport qilmoqda. Bundan tashqari, boshqa fermer xo‘jaliklari qovun-tarvuz, soya, kunjut va boshqa mahsulotlarni Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston mamlakatlariga eksport qilib, yuqori daromad olmoqda.
Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislari bilan bir qator fermer xo‘jaliklarining dalalarida bo‘ldik. “Qutanko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Seyful Malik” fermer xo‘jaligi a’zolari jami 98 gektar maydonga dehqonchilik qiladi. Shundan 32 gektar g‘alla maydonidan yuqori hosil olishga erishdi. 20 gektardagi g‘o‘za maydoniga agrotexnik tadbirlar asosida tarbiya bermoqda. Boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan ham yuqori hosil olmoqda.
Qaysi bir fermer dalasida bo‘lmang, qizg‘in ishning guvohi bo‘lasan. Barchasi asosiy e’tiborni yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olishga qaratmoqda. Dehqonlarimizning mana shunday samarali mehnati evaziga bugun bozorlarimizda narx-navo arzon, dasturxonimiz to‘kin-sochin bo‘lmoqda. Bunda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, qishloq xo‘jaligi sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor, dehqonlarimizga zarur sharoitlarning yaratib berilishi asosiy omil bo‘lmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA