O‘qituvchilar malaka test sinovidan o‘tmoqda
Keyingi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchilarning bilim va malakasini yuksaltirish, bilimlarini baholash, shu orqali ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash, daromadlarini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu kunlarda barcha hududlar qatori Andijon viloyati Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida ham umumta’lim maktablari o‘qituvchilari malaka test sinovlarida ishtirok etmoqda.

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, navbatdagi malaka test sinovlari joriy yil 9 apreldan 6 mayga qadar o‘tkazilishi belgilangan, – deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Pedagoglarning bilim va malakasini baholash sho‘’basi bosh metodisti G‘ulomjon Nuriddinov. – Malaka test sinovlari barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘tkaziladi. Sinovlarning yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Hozirga qadar test sinovlaridan viloyatdagi umumta’lim maktablarining 5 ming nafardan ortiq o‘qituvchisi o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

– Malaka test sinovi o‘qituvchini o‘z ustida tinimsiz ishlashga, bilimlarini muntazam boyitib borishga undovchi muhim tadbirlardan hisoblanadi. Jumladan, men ham ochiq-oshkora, shaffof tarzda tashkil etilgan test sinovi orqali bilimlarimni yana bir bor sinovdan o‘tkazdim, – deydi Shahrixon tumanidagi 64-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi boshlang‘ich ta’lim fani o‘qituvchisi Fotimaxon Muhammadjonova.

Belgilangan fanlar bo‘yicha joriy yil 6-mayga qadar davom etadigan sinovlarda Andijon viloyatidagi umumta’lim maktablarining 12 ming 600 nafar o‘qituvchisi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.