O‘qituvchi o‘z ustida puxta ishlasa, ta’lim o‘zgaradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i asosida umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun «Kasbiy rivojlanish kuni» va «Kasbiy rivojlanish soati» tadbirlari tashkil etilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi treninglar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti hamda Britaniya Kengashi hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Tadbir davomida «Kasbiy rivojlanish kuni» va «Kasbiy rivojlanish soati» mashg‘ulotlarining mazmun-mohiyati, ularni samarali tashkil etish metodikasi hamda o‘qituvchilarning kasbiy ehtiyojlariga mos yondashuvlar bo‘yicha taqdimot va amaliy mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Treninglarda jami 320 nafar master-trenerning kasbiy va metodik salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan. Keyinchalik ular bir o‘quv yili davomida mamlakatimizning barcha hududlaridan belgilangan 1500 ta tayanch maktabda kasbiy rivojlanish mashg‘ulotlarini olib boruvchi 400 ming nafarga yaqin mentor-ustozlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Shuningdek, master-trenerlar 350 nafardan ortiq o‘qituvchilar uchun kaskad usulidagi treninglarni tashkil etish va ularga rahbarlik qilishda ishtirok etadi.
Mazkur treninglarning asosiy maqsadi — uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi doirasida «Kasbiy rivojlanish kuni» va «Kasbiy rivojlanish soati» tadbirlarini sifatli tashkil eta oladigan, mentor-o‘qituvchilarga metodik jihatdan ko‘mak beradigan malakali master-trenerlarni tayyorlashdan iborat.
Shu bilan birga, o‘qituvchilarning zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodik yondashuvlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda ilg‘or tajriba almashish maydonini yaratish, umumta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni va «Kelajak soati» samaradorligini oshirish, shuningdek, pedagoglarni uzluksiz kasbiy qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Amaliyotga yo‘naltirilgan zamonaviy yondashuvlar
Treningning amaliy mazmuni pedagoglarning kasbiy salohiyatini kompleks rivojlantirishga qaratilgan. Xususan, ijtimoiy-hissiy ta’lim (SEL) asosida pedagoglarning kasbiy farovonligi va barqarorligini ta’minlash, «Kelajak soati» samaradorligini oshirishda pedagoglarning rolini kuchaytirish, pedagogik refleksiyani rivojlantirish, universal dizayn tamoyillari asosida inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilar natijalarini yaxshilashga qaratilgan baholash yondashuvlarini qo‘llash kabi masalalar qamrab olingan.
Shuningdek, pedagogik faoliyatda sun’iy intellektdan foydalanishning etik va huquqiy asoslarini o‘zlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘quv dasturida reflektiv amaliyot, sinf tadqiqoti va inklyuziv ta’limning zamonaviy yondashuvlari o‘rganiladi. PISA, PIRLS va TIMSS xalqaro baholash dasturlarining mazmuni ham «Kasbiy rivojlanish kuni» va «Kasbiy rivojlanish soati» dasturlariga integratsiya qilinmoqda.
[gallery-31431]
Fanlar kesimida ham o‘qituvchilar uchun amaliy metodik yechimlar taklif etilgan. Jumladan, tabiiy fanlarda raqamli va virtual laboratoriyalardan foydalanish, informatikada loyihaga asoslangan ta’lim (PBL) va raqamli kompetensiyalarni shakllantirish, matematikada TIMSS va PISA topshiriqlari asosida tahlil hamda mulohaza yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish, filologiya va til fanlarida kommunikativ kompetensiyani shakllantirish, boshlang‘ich ta’limda real hayotga oid matnlar va amaliy vazifalardan foydalanish kabi yo‘nalishlar o‘rin olgan.
Bunda takroriy nazariy bayondan ko‘ra, o‘qituvchilarning dars jarayonida bevosita qo‘llashi mumkin bo‘lgan metod va vositalarini shakllantirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Trening dasturidan raqamli va interaktiv ta’lim platformalaridan foydalanish, raqamli o‘quv materiallarini yaratish, sun’iy intellekt yordamida o‘quv materiallari va baholash vositalarini ishlab chiqish, xalqaro tadqiqotlar ma’lumotlarini tahlil qilish kabi zamonaviy kompetensiyalar ham o‘rin olgan.
Bunday yondashuv master-trenerlarni zamonaviy metodik yechimlarni amaliyotga olib kiruvchi va ularni mentor-o‘qituvchilar orqali keng tatbiq etuvchi metodik liderlar sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.
Kasbiy rivojlanish jarayoni raqamlashtirilmoqda
2026–2027 o‘quv yilida kasbiy rivojlanish jarayonlarini boshqarish ham raqamlashtirilmoqda. Shu maqsadda Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan krk.avloniy.uz elektron platformasi ishga tushirildi.
Platforma orqali tinglovchilarning real vaqt rejimida geolokatsiya asosidagi ishtirokini monitoring qilish, trening davomida egallagan bilim va ko‘nikmalarini baholash, mashg‘ulot o‘tkazgan trenerlar faoliyatini kuzatish hamda treninglar sifatini tahlil qilish imkoniyatlari joriy etilgan.
Shu tariqa «Kasbiy rivojlanish kuni» va «Kasbiy rivojlanish soati» faqatgina o‘qituvchilar uchun navbatdagi malaka oshirish mashg‘uloti emas, balki zamonaviy metodik yondashuv, raqamli texnologiyalar, xalqaro baholash mezonlari va uzluksiz kasbiy qo‘llab-quvvatlashni birlashtirgan yaxlit tizim sifatida shakllanmoqda.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (suratlar),
O‘zA muxbirlari