O‘qishga kiritib qo‘ymoqchi edi...
Farg‘ona viloyatida eng ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlardan biri firibgarlikdir.
Oramizdagi ba’zi “uddaburonlar” odamlarning soddaligidan foydalangan holda ularni chuv tushirmoqda. Ayniqsa, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda.
O‘qishga kirishda test sinovlari shaffoflik bilan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, qing‘ir yo‘llarni axtarishmoqda. Ana shunday nopok ishlarga tizimda ishlayotganlarning qo‘l urishi esa achinarlidir.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Qo‘qon davlat pedagogika institutida ana shunday holatga chek qo‘yildi. Bank mutaxassisi S.A. tanishining farzandini yuqori tashkilotlarda ishlovchi tanishi orqali Qo‘qon davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da beradi. Albatta, u “xizmat haqi” 4 ming AQSH dollari ekanligini aytgan. Mazkur aytilgan pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olinib, tezkor tadbir davom ettiriladi.
Qo‘qon davlat pedagogika institutining dekani H.X. tanishi S.A.dan tanishining farzandini o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 4 ming AQSH dollarini olgan paytda daliliy ashyo bilan ushlangan. U jinoiy harakatlarini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tuman sudi tomonidan sudlanuvchilarga qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.
N.Bozorova, O‘zA muxbiri