“Oqila ayollar” talaba- qizlar huzurida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 avgustdagi “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “Oqila ayollar” jamoatchilik tuzilmasi tashkil etilgan.
Harakatning asosiy maqsadi jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat.


Namangan to‘qimachilik sanoati institutida viloyat “Oqila ayollar” harakati tomonidan “Har bir ayol baxtli bo‘lishga haqli” mavzusida o‘tkazilgan seminar-teringda talaba qizlar o‘rtasida farzand, ayniqsa, qizlar tarbiyasi, oila, onalar ma’naviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib etish, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, yoshlar o‘rtasida oilaviy-huquqiy munosabatlar, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslarini yosh avlod ongiga singdirib borish to‘g‘risida so‘z yuritildi.


– Tadbir davomida xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlik va biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, iqtidorli yosh qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish zarurligi haqida maslahatlar berdik, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Namangan viloyati bo‘linmasi rahbari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, viloyat “Oqila ayollar” harakati rahbari Nargiza Muhammadiyeva. – Qolaversa, o‘zining kasbiy mahoratlaridan kelib chiqib, xususiy biznes va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan talaba- qizlarning biznes g‘oyalari, takliflarini tinglab, ularni qiziqtirgan savollarga bafurja javob qaytardik. “Oqila ayollar” harakatini viloyatning barcha tumanlarida, chekka va olis mahallalarigacha keng ommalashtirishni maqsad qilganmiz.
Seminar-trening yakunida talaba-yoshlarga yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar, ta’lim olish jarayonlari, iqtidor sohibalari tomonidan tayyorlangan tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri