Oqdaryoda kartoshkachilik rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining Oqdaryo hududida kartoshkachilikni tashkil etish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tumanning tog‘oldi Hisorak, Sayyod, Suvtushar, Boshqop, Beshbek, Sarchashma va Ammog‘on qishloqlari hududidagi 3 ming 200 gektar lalmi yer maydonida kartoshka va sabzavot yetishtirish bo‘yicha kooperatsiyalar tashkil etilib, Tamshush daryosidan quvur orqali suv olib kelindi.
Qiymati 60 milliard so‘mni tashkil etgan mazkur loyiha “Qashqadaryo Maxsussuvloyiha” MCHJ tomonidan amalga oshirildi.
O‘zlashtirilgan yer maydonlari kartoshka yetishtirish istagidagi jismoniy va yuridik shaxslarga bo‘lib berildi.
Hozirda hududda yer haydash ishlari boshlangan bo‘lib, ushbu jarayonga 29 ta yuqori unumli va zanjirli traktor jalb etildi. Qariyb 500 gektar yer maydoni haydalib, shudgorlandi. 206 gektar yer kartoshka ekish uchun ikkinchi bor tayyorlandi.
“Hisor sabzavot klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Gollandiyadan “Sinora”, “Manitou”, “Artemus” navli urug‘lik kartoshka keltirildi.
Hozirgacha umumiy hisobda 139 gektardan ortiq yer maydoniga kartoshka ekib bo‘lindi.
Jamshid NORQOBILOV (surat),O‘zA