O‘qchining sergakligi sabab o‘g‘rilikning oldi olindi
Ikki nafar shaxs Zarbdor temir yo‘l bekatida turgan vagondan un o‘g‘rilayotgan paytida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Fuqaro Olg‘irqul Jo‘lurqulov hamda Eplamas Do‘lliboyev (ismi-sharifi o‘zgartirildi) yuk ortilgan vagon qopqog‘ini buzib ochib, davlatning mulkini hech kimga bildirmay o‘marmoqchi bo‘lganlarida, Jizzax harbiylashtirilgan o‘qchilik va o‘t o‘chirish komandasi o‘qchisi Shodmon Usmonov sezib qoladi va viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘limi xodimlarini bu o‘g‘irlikdan xabardor qiladi. Hamkorlikda amalga oshirilgan tezkor operatsiya natijasida o‘g‘rilar qo‘lga olinadi.
Jinoyatchilarga nisbatan huquq-tartibot idoralari mutasaddi xodimlari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Davlatning mulkiga ko‘z olaytirib uni o‘g‘rilashga uringan kimsalar endi qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, jinoyatchilar ko‘z olaytirgan un xorijga eksport qilinish uchun tayyorlab qo‘yilgan mahsulot bo‘lgan.
Mazkur jarayonda faollik ko‘rsatganligi uchun Jizzax harbiylashtirilgan o‘qchilik va o‘t o‘chirish komandasi o‘qchisi Shodmon Usmonovga Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, genaral-mayor G‘ayrat Qodirovning tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, O‘zA