ONLAYN PLATFORMA: TADBIRKOR AYOLNING MABLAG‘I VA VAQTI TEJALADI
O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi ko‘magida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan “Mamlakatimiz xotin-qizlarini tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha yagona onlayn platforma yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi oldidan tadbirkor ayollar hamda OAV vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

– Mazkur loyihaga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi xotin-qizlarni kasbga yo‘naltirish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun yagona onlayn platforma yaratiladi, –deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova. – Natijada turli yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkor ayollar faoliyatini rivojlantirish va ularning zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga, huquqiy va moliyaviy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladigan o‘quv-metodik materiallar, qo‘llanmalar tayyorlanadi.

Ta’kidlanganidek, yagona onlayn platformaning amaliyotga tatbiq etilishi ishbilarmon ayollar hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga masofadan turib o‘z bilim va malakalarini oshirish imkonini beradi. Bu jarayon tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilishi natijasida biznes-treninglar o‘tkazish uchun bino ijarasiga va boshqa maqsadlarga sarflanadigan mablag‘ iqtisod qilinadi, qatnashchilar vaqti tejaladi.

– Bekobod shahridagi “Muruvvat ko‘mak” MCHJ, ya’ni nogironlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik yordam berish tashkilotida 45 nafar 1- hamda 2-guruh nogiron xotin-qizlar mehnat qiladi, – deydi jamiyat rahbari Xosiyat Amonova. – Onlayn platforma ko‘proq nogironligi bor shaxslarga yordam beradi, deb o‘ylayman. Sababi, juda ko‘p nogironligi bor shaxslar tadbirkorlikni o‘rgangisi, o‘z biznesini boshlagisi keladi. Ammo ular uchun biror tashkilotga borib, biznes yuritish sirlarini o‘rganish anchayin qiyinchilik tug‘diradi.
Shuningdek, ushbu dasturiy ta’minotdan turdosh ta’lim muassasalari ham foydalanishlari, xotin-qizlar o‘z mablag‘lari evaziga dasturiy ta’minotga kirib, malaka oshirishlari mumkin.
Nigora RAHMONOVA, O‘zA