Onlayn kredit va pul o‘tkazmalarida yangi cheklovlar joriy etiladi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni keskin oshib bormoqda. Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etilishicha, mamlakatda so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Faqat 2025-yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat holati qayd etilgan bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion so‘mdan oshgan. Shuningdek, ayni paytda O‘zbekistonda 31 milliondan ortiq internet foydalanuvchisi mavjud ekani ham ta’kidlangan.
Ushbu raqamlar davlat darajasida kiberxavfsizlikni kuchaytirish va raqamli moliyaviy xizmatlarda qo‘shimcha himoya mexanizmlarini joriy etish zaruratini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda. Shu bois Markaziy bank tomonidan bank mobil ilovalarida yangi xavfsizlik talablari ishlab chiqilib, 22-apreldan amaliyotga joriy etilmoqda.
Unga ko‘ra, 22-apreldan boshlab bank mobil ilovalarida biometrik identifikatsiya, telefon raqamini tekshirish, onlayn kreditlarni nazorat qilish kabi qator yangi talablar joriy etiladi.

Yangi tartib foydalanuvchilar xavfsizligini oshirishga qaratilgan bo‘lsa-da, ayrim qo‘shimcha cheklovlar va yangi talablarni ham nazarda tutadi.
Xo‘sh, mazkur o‘zgarishlar bank xizmatlaridan foydalanish tartibiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Yangi qoidalar firibgarlik holatlarini kamaytirishga qay darajada xizmat qiladi?
22-apreldan boshlab Markaziy bank tomonidan joriy etilayotgan mazkur tartiblar masofaviy moliyaviy xizmatlar xavfsizligini oshirish va onlayn firibgarlik holatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Yangi tartibning asosiy jihatlaridan biri biometrik identifikatsiyaning majburiy tartibda joriy etilishidir. Endi yangi qurilmadan ilovaga kirish, bank kartasini ulash yoki parolni o‘zgartirish kabi muhim operatsiyalar qo‘shimcha biometrik tekshiruv orqali amalga oshiriladi. Bu esa faqat SMS-kod orqali kirish imkoniyatini cheklaydi.
Mazkur choralar foydalanuvchi ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, telefon orqali fuqarolarni aldash orqali bank ilovalariga kirish holatlari so‘nggi vaqtlarda ko‘paygani bu kabi choralarni dolzarb etmoqda.
Yangi talablarga ko‘ra, bank ilovalari telefon raqamining karta egasiga tegishliligini tekshirishi shart bo‘ladi. Agar raqam boshqa shaxs nomida bo‘lsa yoki JSHSHIR bilan mos kelmasa, ayrim operatsiyalarga cheklov qo‘yilishi mumkin.
Bu talab firibgarlar tomonidan boshqa shaxs nomidagi raqamlardan foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan. Biroq amaliyotda aholining ma’lum qismi telefon raqamidan yaqin qarindoshlari nomida foydalanishi ham uchraydi. Shu sababli yangi tartibda yaqin qarindoshlar nomidagi raqamlardan foydalanishga ruxsat berilgan.
Yangi tartib onlayn kreditlar sohasida ham muhim o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Endi bir vaqtning o‘zida bir nechta bankdan kredit rasmiylashtirish imkoniyati cheklanadi. Kredit tasdiqlangandan keyin ham mablag‘ni o‘tkazishdan oldin qo‘shimcha biometrik tekshiruv amalga oshiriladi.
Bu choralar fuqarolar nomiga ularning xabariciz kredit rasmiylashtirish holatlarining oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yangi talablardan yana biri telefonda audio yoki video qo‘ng‘iroq amalga oshirilayotgan vaqtda bank ilovalarining vaqtincha cheklanishidir. Bu firibgarlarning telefon orqali fuqarolarni aldash orqali pul o‘tkazishga majburlash holatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, masofadan boshqarish dasturlari orqali kirish holatlari aniqlanganda ham operatsiyalar bloklanadi.
Mutaxassislar fikricha, yangi xavfsizlik choralari bank tizimida ishonchni oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, onlayn xizmatlardan foydalanish ko‘lami kengayib borayotgan sharoitda fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, yangi talablar ayrim foydalanuvchilar uchun dastlab noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin. Telefon raqamini qayta rasmiylashtirish, biometrik tekshiruvlardan o‘tish kabi jarayonlar qo‘shimcha vaqt talab etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, joriy yilning 22-apreldan joriy etiladigan yangi tartib bank mobil ilovalari xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. Kiberjinoyatlar soni oshib borayotgan sharoitda mazkur choralar fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA