Onkologik kasalliklarni erta aniqlash va o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirish – dolzarb vazifa
“Yuksalish” harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Navoiy filialida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
“Yuksalish” harakatining jamoatchilik guruhi a’zolari, xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputatlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda filial rahbari Rustam Hamroyevning sohada belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, inson salomatligiga daxldor har bir masala jamiyat e’tiborida bo‘lishi tabiiy. Ayniqsa, onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish bugun sog‘liqni saqlash tizimi oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir.
Navoiy viloyatida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar “Yuksalish” harakatining viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi davomida atroflicha o‘rganildi.
Bugungi kunda viloyatda onkologiya xizmati Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Navoiy viloyati filiali orqali ko‘rsatilmoqda. 95 o‘rinli statsionar va 50 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikadan iborat muassasa viloyat aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi.
Onkologik kasallikka chalingan bemorlarni davolash bilan birga, kasallikni erta bosqichda aniqlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shahar va tumanlarda onkolog mutaxassislar tomonidan dispanser kuzatuvi va palliativ yordam ko‘rsatilmoqda. Boshqa soha mutaxassislari ishtirokida esa onkologik kasalliklar profilaktikasi va birlamchi skrining ishlari amalga oshirilmoqda.
Monitoring jarayonida filialning tashxis qo‘yish va davolash imkoniyatlari ham o‘rganildi. Hozirgi kunda muassasada MRT, MSKT, raqamli rentgenografiya, UTT, mammografiya, klinik-bioximik tahlillar, sitologik va gistologik tekshiruvlar, immunogistoximiya tekshiruvlarini o‘tkazish uchun zarur jihozlar mavjud.
Davolash yo‘nalishida ham zamonaviy usullar qo‘llanilmoqda. Jumladan, gamma-nur terapiyasi va braxiterapiya kabi muolajalarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Operativ davolash uchun filialda 3 ta operatsiya xonasi zarur uskunalar bilan jihozlangan.
2025-yil davomida filialda 6 541 nafar bemor davolangan. Onkojarroh va onkoginekologlar tomonidan 573 nafar bemorda turli yuqori texnologiyali operativ muolajalar o‘tkazilgan.
So‘nggi besh yilda filialga markazlashgan tartibda qariyb 100 milliard so‘mlik grant mablag‘lari hisobidan 49 turdagi yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiy uskunalar olib kelingan.
Shu bilan birga, jamoatchilik monitoringi jarayonida mavjud imkoniyatlar bilan bir qatorda hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham borligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, 55 o‘ringa mo‘ljallangan ximiya-palliativ davo binosi qurilib, 2024-yilda foydalanishga topshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, hanuzgacha ishga tushirilmagan. MRT va MSKT uskunalariga servis xizmati ko‘rsatish uchun 800 million so‘m mablag‘ zarur.

Filialning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun asosiy binoni rekonstruksiya qilish, elektr tizimini qayta ko‘rib chiqish, nosoz chiller tizimlarini ta’mirlash, laboratoriya va bo‘limlarni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash kabi vazifalar ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, laboratoriya uchun turli quvvatdagi UPS qurilmalarini xarid qilish zarurati bor.
Monitoringda tibbiy xizmat turlarini kengaytirish masalalari ham ko‘tarildi. Jumladan, bolalar onkologiyasi, bolalar va kattalar onkogematologiyasi xizmatlarini filial tarkibiga kiritish, urologiya va neyroxirurgiya yo‘nalishlarini tashkil etish, zamonaviy operativ davolash usullarini joriy qilish zarur.
Tibbiy xizmat sifati esa dori-darmon ta’minoti bilan ham chambarchas bog‘liq. 2025-yilda filialga davlat byudjeti hisobidan 20,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Markazlashgan mablag‘lar hisobidan 5,3 milliard so‘mlik kimyoviy preparatlar taqsimlangan.
Shu bilan birga, bir o‘rin kun uchun dori-darmonlarga bo‘lgan umumiy ehtiyoj 317 517 so‘mni tashkil etgani holda, filial tomonidan 212 778 so‘mlik, ya’ni 67 foizlik ta’minot ta’minlangan. Kimyoviy terapiya bo‘yicha ehtiyojning 90 foizi qoplangan bo‘lsa, byudjet hisobidan zarur dori vositalari bilan ta’minlanish darajasi 39,8 foizni tashkil etgan. Bu esa moliyalashtirish va dori ta’minoti masalasini yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ayni paytda filialda moliyalashtirish tizimida ham o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. 2025-yil 1-yanvardan Davlat tibbiy sug‘urta fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish boshlangan. Hujjatlarni yuritishda DMED dasturi, onkologik kasalliklarni doimiy statistik kuzatish maqsadida esa Cancer Registry platformasi yo‘lga qo‘yilgan.
Jamoatchilik eshituvida bir guruh deputatlar so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir so‘nggida ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri