Onaning ko‘z yoshi qalblarni titratadi
Asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan milliy mentalitetimizga ko‘ra, onaga hurmat ko‘rsatish, onani e’zozlash xalqimizning milliy qadriyatlari darajasiga ko‘tarilgan.
Asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan milliy mentalitetimizga ko‘ra, onaga hurmat ko‘rsatish, onani e’zozlash xalqimizning milliy qadriyatlari darajasiga ko‘tarilgan. Boisi millat kelajagi, barkamol avlodlar tarbiyasi volidai muhtaramalarimiz qo‘lida bo‘ladi. Shu sababli onalar tinch oilalar xotirjam, oilalar farog‘ati esa jamiyat tinchidir.
Ammo ko‘cha tasodiflarga to‘la. Inson kutilmaganda turli ko‘ngilsiz holatlar bilan yuzma-yuz bo‘lishi hech gap emas. Oilaviy tarbiya, bilim, sabr va iroda insonni bunday kutilmagan falokatlardan asraydi.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi K. Muhiddin (ism-shariflar o‘gartirilgan) mashina boshqarib borayotganida yo‘lni kesib o‘tayotgan uch-to‘rt chog‘li yigitlar turli gaplar bilan uning asabini buzishdi. Bundan g‘azablangan haydovchi mashinani to‘xtatib, yigitlar yo‘lini to‘sdi va og‘zaki tortishuv dahanaki mushtlashuvga aylandi.
Onalar har qanday sharoitda ham mehribon. Mahallaga kechki sayrga chiqqan uch nafar ayollar janjallashayotganlarni ajratib qo‘yishdi. Haydovchiga kuchi yetmasligini anglagan uch nafar yigitlar bir zumda juftakni rostlab qolishdi. Xumori bosilmayotgan haydovchi alamini kimdan olishni bilmay, o‘z yo‘lida ketayotgan ayollarni to‘xtatdi.
– Bolalar qayoqqa g‘oyib bo‘ldi,-dedi ayollardan birini o‘ziga qaratgan Muhiddin. – Menga ularni topib berasizlar. Bu zumrashalarga otasi tengi odam bilan janjallashish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yishim kerak.
– Kap-katta odam uyalmaysizmi? Bizni tinch qo‘ying! – deya bir necha farzandning onasi Zarifa yo‘lida davom etmoqchi bo‘ldi.
Ammo Muhiddin g‘azab bilan ayolni o‘ziga qaratmoqchi bo‘lib tortdi va kutilmaganda Zarifa opa yerga yiqilib tushdi. Bu holatni ko‘rgan va erkakning nafratidan qo‘rqib ketgan ikki ayol dod-voy solib yugurishdi. Shovqindan Zarifa opaning turmush o‘rtog‘i uydan ko‘chaga yugurib chiqib, voqea joyiga yetib keldi. Shu orada do‘stlaridan biri Zarifa opaning ustaxonada ishlaydigan o‘g‘li Sodiqjonga telefon qilib, onasi ko‘chada yerda yiqilib yotganini aytadi. Yuragiga g‘ulg‘ula tushgan Sodiqjon ustaxonadan katta ketmon sopini olib voqea joyiga yugurdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, onasi yerda yuztuban yotar, otasining uni turg‘izishga bo‘lgan urinishlari besamar ketayotgan edi.
– Uka, meni kechiring! – dedi Muhiddin aybdorona. – Jahl ustida bilmay onangizni urib qo‘ydim...
– Nima deding, iflos!
Ko‘ziga qon to‘lgan Sodiqjon haydovchiga tashlanib, haligi ketmon sopi bilan uning oyoqlariga ura boshladi.
Vaziyat yanada qaltislashishi mumkinligini tushungan Sodiqjonning otasi o‘g‘lini tinchlantirishga urindi. Kutilmaganda sodir bo‘lgan ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirib, surishtiruv ishlari olib borildi va A. Sodiqjonga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yaqinda Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tumani sudi Oltiariq tumani “Navqiron” mahalla fuqarolar yig‘inida ochiq sayyor sud majlisini o‘tkazdi. Voqea ishtirokchilari, guvohlar, jabrlanuvchi va gumondor shaxs ko‘rsatmalari, voqea tafsilotlari batafsil o‘rganildi. Ish bo‘yicha barcha holatlar o‘rganilgach, jabrlanuvchining sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligi inobatga olindi. Sud qaroriga ko‘ra A. Sodiqjon aybli topilgan bo‘lsada, insonparvarlik tamoyilidan kelib chiqib, jazodan ozod qilindi.
Aslida bunday xatti-harakatni oqlab bo‘lmasa-da, sud jarayoni ishtirokchilarining e’tirofi bo‘yicha onasining himoyasi uchun shunday ishga qo‘l urgan o‘g‘ilning qilmishi volidai muhtaramalarning hurmati uchun kechirildi. Bu keyingi yillarda sudlarda oqlov jarayoni kengayishi bilan bog‘liq hayotbaxsh islohotlarning amaldagi yana bir tasdig‘idir.
Furqatjon SOBIROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Beshariq tumani sudi raisi.