Onalar uchun umid uyg‘otuvchi maskan ochildi
Hayotning mashaqqatli sinovlariga duch kelgan homilador ayollar va yangi tug‘ilgan go‘daklari bilan qolgan onalar uchun yorug‘ umid eshigi ochildi. Endi ular uchun Chirchiq shahrida tashkil etilgan “Ona uyi” markazi mehr va qo‘llab-quvvatlash maskaniga aylanadi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan ochilish marosimida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi rahbariyati, Toshkent viloyati va Chirchiq shahri hokimligi mas’ullari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, bu xayrli ishning jamiyat uchun naqadar muhimligini alohida ta’kidladi.
– “Ona uyi” nafaqat boshpana, balki taqdir sinoviga duch kelgan ayollarni yangi hayot sari yo‘naltiruvchi, ularning ko‘ngliga umid, hayotiga esa yangi imkoniyatlar baxsh etuvchi ijtimoiy loyihadir, – deydi “Ona uyi” bosh koordinatori Dildora Zug‘unova.
Mazkur maskanda onalarga olti oygacha yashash joyi, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va ijtimoiy reabilitatsiya taqdim etiladi. Shuningdek, ular bu yerda kasb-hunar o‘rganib, mustaqil hayotga dadil qadam tashlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
A.Musayev, O‘zA.