Ona xalqimdek qadrdon qadriyatlarim
Chanqovuzning sehrli ovozi butun olamni tutib ketganday go‘yo. Bolaliging yodga tushib huv o‘sha o‘ynab,chopib yurgan kengliklar va yam-yashil adirlar ko‘z o‘ngingda gavdalanib, qalbing nurlarga to‘ladi. Keng maydon bo‘ylab xalq o‘yinlarini namoyish etayotgan bolalar butun vujudlari bilan kirishgan va ularga jo‘r bo‘layotgan tomoshabinlarning qiyqiriq – olqishlari osmonlarni to‘ldirib atrofga fayz baxsh etadi.
Har qanday millat o‘zining milliy qadriyatlarini asrab qolishga intiladi.
YUNESKOning «Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Konvensiyasi O‘zbekistonda ratifikatsiya qilingan va o‘z navbatida mamlakatimiz ushbu Konvensiyada belgilagan vazifalarni amalga oshirishni muhim deb biladi.
Dunyoda millatlar, elatlar yo‘qolib ketmasligi uchun ularning milliy qadriyatlari, ya’ni ona tili, urf-odatlari, xalq og‘zaki ijodi, harakatli o‘yinlari, lapar va aytimlarini avaylash va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazib berish Konvensiyaning ro‘yxatida belgilangan. Qolaversa, ayni shu nuqtai nazardan, ya’ni milliy ma’naviyatimizni rivojlantirish sohasida davlatimiz va hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan bir qator farmon va qarorlar buni yanada tasdiqlab turibdi.
Shunday ekan, maktablarning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari zimmasida yosh avlod ongiga milliy g‘urur va o‘zlikni anglashdek yuksak tuyg‘ularni singdirish mas’uliyati turadi.
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 76-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida «Milliy qadriyatlarimiz dunyo tamadduni sarchashmasidir» mavzusida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir milliy qadriyatlarimizni yoshlar ongiga singdirish yo‘lidagi ezgu bir ish bo‘ldi.
Yam-yashil maydon uzra momolaru onalarimizning oltin qo‘llari bilan to‘qilgan «g‘ojari», «osma», «qotti», “qoqma", «arabi» gilamlar, turfa ranglardagi ko‘rpachalar davraga ko‘rk va fayz berdi.
Ushbu tadbirni tayyorlashda manbalar asosan tumandoshimiz, etnograf jurnalist, falsafa doktori Guljahon Mardonovaning «Nur to‘la uy», «Quyoshim enam», «Farzandingizga o‘yinlar», «O‘zbek xalq qo‘shiqlari» kabi kitoblaridan joy olgan laparlar, urf-odatlar, milliy o‘yinlardan keng foydalanildi.
O‘g‘il bolalar uchun «Zar qalpoq»,«Ko‘tarma koptok», «Yelkangni tut»,«Kim tezkor», «Ikki belbog‘», «Hakkachilik», qizlar uchun esa «Ro‘molcha tashlash», «Qiz va qushlar», «Haykal» kabi harakatli xalq o‘yinlari muallif tomonidan respublikamizning turli hududlaridan yozib olinganligini ta’kidlash joiz.
«Ko‘tarma koptok» o‘yini bolalarda birdamlik, bir-birlarini qo‘llab quvvatlash, birlashib harakat qilish kabi fazilatlarni tarbiyalasa, «Yelkangni tut» o‘yini esa anchayin mas’uliyatli bo‘lib, unda bolalarning har birlarining harakati vaziyatni hal qilishi bilan juda muhimdir.
«Ro‘molcha tashlash» o‘yini orqali qizlarning turli imkoniyat va mahoratlarini aniqlab olish mumkin. Ya’ni ishtirokchi qizlar mag‘lub dugonasiga shart qo‘yib, bir oyoqda sakrab aylanib kelishi, qo‘shiq, she’r aytib berishi yoki raqsga tushib berishini talab qiladi. Bu shartlarni bajarish asnosida qizlarning iste’dodi namoyon bo‘ladi.
«Qiz va qushlar» o‘yini qizlarning o‘yinqaroqlik qilib onasi tayinlagan vazifani unutib, qushlar bilan do‘stlashib, sirlashib mushkul ahvolda qolgani va bu vaziyatdan qushlar obrazidagi dugonalari sababli chiqib ketishi to‘g‘risida bo‘lib o‘quvchilarda ekologik madaniyatning shakllanishi, eng kichik do‘stlarimizga nisbatan mehrli bo‘lishga hissa qo‘shadi.
«Haykal» o‘yini esa o‘quvchilar uchun go‘yoki kichik teatr. Ishtirokchilar «haykal» so‘zi aytilishi bilan turli qiyofalarda qotib turadilar. Ulardan kim kulib yuborsa yoki biror harakat qilsa o‘rtaboshi uni quvlaydi va yetib olsa, o‘rin almashadilar.
Shuningdek, mehnat qo‘shiqlaridan «Usta temirchilar» qo‘shig‘i o‘quvchilar tomonidan mahorat bilan ijro etildi.
Olovga dam beramiz, ha-hu dam-badam,
Temirni qizdiramiz ha-hu dam-badam.
O‘roq-ketmon tayyorlab, ha-hu dam- badam,
Dehqonga ilinamiz, ha-hu dam-badam,
deb kuylayotgan bolalarda katta shijoat, temirchilarga xos g‘ayrat va jo‘shqinlik ufurib turibdi.
Maktab o‘qituvchilari jamoasi «Jilboshi» (Yilboshi):
Jilboshi keldi bildingizma?
Etta sahar turdingizma?
Etta sahar turasolib,
Saranjamdi oldingizma?
kabi bitiklardan iborat xalq qo‘shig‘ini kuylab, milliy qadriyatimiz bo‘lgan ozodalik, saranjom sarishtalikni targ‘ib qildilar.
Jilboshi keldi bildingizma?
Momoning holini so‘rdingizma?
Momoning holin so‘rayotib ,
Nurdan qog‘anini bildingizma?-
deya momo-bobolarimiz, ota-onalarimiz, tog‘ayu amakilarimiz, xolayu ammalarimiz holidan xabar olish, ularning intiqligi, nurdan qolgani, beli bukilgani, charchagani, intizor ekanini bizga uqtirish bilan birga ularning g‘animat ekanini yana bir bor eslatadi.
Tadbirda oxirgi vaqtlarda yo‘qolib borayotgan qadim qadriyatimiz bo‘lgan «To‘yga aytuvchilik» kichik sahna ko‘rinishi orqali namoyish etildi.
Tadbirda yana bir go‘zal qadriyatimiz bo‘lgan kelin salom ham aytildi. Unda «Qizimning sepiga kitob solaman» mavzusi ko‘tarilib, kelin sandig‘idan mehmonlarga kitoblar sovg‘a qilindi. «Kelin salom» o‘ziga xos milliy ruh va milliy qadriyatlarga boy tarzda namoyish etilib, ishtirokchi va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda «Yosh iste’dodlar» to‘garagi a’zosi Latifa Meyliyeva va jajji qizaloqlar tomonidan milliy raqslar namoyish qilinib, laparchi qizlar «Qizgina» qo‘shig‘ini ijro qildilar.
Tadbir yakunida yana o‘qituvchi opa-singillar tomonidan chanqovuz ohangi taraldi.
Oyimgul Mardonova
Qamashi tumanidagi 76-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, Xalq Ta’limi a’lochisi