Ona tiliga hurmat – Vatanga sadoqat
O‘zbek tili rasman Davlat tili maqomiga 1989 yilda erishdi.
Ona tilimiz garchi qonun bilan rasmiy davlat tili maqomida bo‘lgan bo‘lsa-da, amalda ayrim davlat tashkilotlarining o‘z hujjat yurituvini boshqa tillarda amalga oshirayotganiga guvoh bo‘layotgan edik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ona tilimizning davlat tili sifatidagi mavqeyini yuksaltirish borasida farmon va qarorlar qabul qilindi.
21 oktyabr kuni O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilandi.
Prezidentimiz tomonidan ushbu sana munosabati bilan yo‘llangan bayram tabrigini eshitar ekanman, tilimizga befarq bo‘lmagan bir inson sifatida sohaga qaratilgan e’tibordan yana bir bor to‘lqinlandim.
Bu noma faqatgina qutlov emas, balki ona tilimizni rivojlantirish, uning mavqeyini oshirish borasida til fidoyilariga qaratilgan chaqiriqdek edi.
Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tilini o‘zbekchalashtirish, butunjahon Internet tarmog‘idagi milliy segmentni yanada boyitish, o‘zbek va xorijiy tillar bo‘yicha lug‘at va so‘zlashgichlarning yangi avlodini yaratish borasidagi vazifalarni men o‘zim uchun topshiriq sifatida qabul qildim.
Negaki, bugungi jadal rivojlangan axborotlashuv asrida tilimizni kompyuter lingvistikasiga uyg‘unlashtirmasak, yangi atamalarning tilimizdagi muqobilini yaratmasak, zamon yoki tilimiz taraqqiyotidan orqada qolib ketamiz.
Inson ona tili orqali dunyoni o‘zlashtiradi, tarixini o‘rganadi, o‘zligini taniydi, ma’rifatli bo‘ladi. Shu tilda umr bo‘yi muloqot qiladi, faoliyat yuritadi, aslida bu ham katta baxtdir. Shunday insonlar, xalqlar borki, ularning ona tili davlat tili maqomida emas, ular yaxshi ishlash, farovon yashash uchun boshqa tillarni o‘rganishga majbur bo‘ladi.
Shu bois biz uchinchi yuksalish davri poydevorini qurar ekanmiz, davlatimizning iqtisodiy qudrati bilan birga ona tilimiz mavqeyi va qudratini oshirib borishimiz kerak.
Har bir fuqaro davlat tilini yaxshi bilishi, ish yurita olishi, qadrlashi, muhofaza qilishi, rivojlantirish uchun o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Qadimiy va navqiron o‘zbek tilini kelgusi avlodga yanada boyitilgan holda yetkazish shu tildan foydalanuvchi xalqning burchidir.
Akbar Rustamov,
Buxoro viloyati hokimining maslahatchisi.
O‘zA