Ona farzandiga ikkinchi bor hayot bag‘ishladi
Sherali Azimjonov asli Farg‘onaning Furqat tumanidan. Surunkali buyrak yetishmovchiligi bois 2022 yil dekabr oyidan buyon Guliston tibbiyot klasterining nefrologiya va gemodializ bo‘limida davo muolajalarini olib kelardi. Ammo,bemorning ahvoli yaxshi emas. Darddan forig‘ bo‘lishning birdan bir yo‘li buyrak transplantatsiya amaliyoti ekanligini shifokorlar Sherali va uning yaqinlariga tushuntirishdi.
— Buyrak nima bo‘libdi, o‘g‘lim uchun jonimni beraman deb, turmush o‘rtog‘im Oybek Rahmonov ham yelib-yugurdi, ammo uning qon guruhi to‘g‘ri kelmadi, — deydi Olmaxon Rahmonova.—Shundan keyin qon guruhimni tekshirtirdim. Xullas bir qancha tekshiruvlardan so‘ng buyragim o‘g‘limni buyragiga mos kelishini aytishdi. Shifokorlarning bu so‘zlaridan shunday sevindimki, uni hech bir so‘z bilan ifodalab, aytib bera olmayman.
Sherali Olmaxon va Oybek Rahmonovlarning ikkinchi farzandi. U endigina 24 yoshga kirdi. Kattasi va kichik farzandi ham o‘g‘il bo‘lib, to‘y qilish, kelin tushirish orzusida yurishgan edi. "Barchasi yaratgandan" deydi Olmaxon. "Farzandimga dardini berdimi, endi shifosini ham beradi". Xuddi shunday bo‘ldi.

Buyrak transplantatsiyasi bilan bog‘liq mazkur murakkab va yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti Guliston tibbiyot klasterining jarrohlik bo‘limida o‘tkazildi. Uni Vohidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qon tomir va buyrak transplantatsiya bo‘limi bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari nomzodi Azamat Suyunov hamda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh transplantologi Sherzod Toshmamatovlar Guliston tibbiyot klasterining boshqa tibbiyot xodimlari ko‘magida muvaffaqiyatli bajarishdi.
Endigina 47 bahorni qarshi olgan Olmaxonning tanasini bir bo‘lagi bo‘lgan buyrak, uning jigarbandi, farzandi Sherali tanasiga shifokorlar yordami bilan ko‘chirib o‘tkazildi.
— Ota-ona uchun farzandi salomatligidan ortiqroq baxt bormi, – deydi Sheralining otasi Oybek Rahmonov. —2018 yildan buyon shu dard bilan olishamiz. Orzularimiz bor edi. Noiloj, taqdirdan qochib qutilib bo‘lmas ekan. Sirdaryolik va Toshkentlik shifokorlar sabab shu darddan xolos bo‘ldik. Nasib qilsa endi to‘y, oldiniga kattasini, so‘ng Sherali va uning ukasini uylantirish to‘g‘risida rejalar qilib o‘tiribman.
Ahamiyatli tomoni ushbu operatsiyaning barcha xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplab berildi. Bundan nafaqat Sheralining ota-onasi, balki yaqinlari ham birdek sevinib, hukumatimizga minnatdorlik bildirishdi.
Muhimi hozir ona va bolaning salomatligi yaxshi. Yaqin kunlarda ular butunlay oyoqqa turib, yurtimizda o‘tkazilayotgan muhim siyosiy tadbir, referendumda ishtirok etib, yurt rivoji, mamlakat kelajagi uchun ovoz bermoqchi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA