O'mon Sultonligining yetakchi gazetasi «Asdaa oman»da buyuk allomamiz Imom al-Ustrushaniy haqida maqola e’lon qilindi
Muqaddima
Imom al-Ustrushaniy va uning ilmiy merosi
O‘zbekiston allomalar yurti ekanini bugun barcha biladi va butun dunyo taraqqiyparvar ahli tan oladi. Qadimiy tamaddun o‘choqlari sifatida yurtimizning Buxoro, Samarqand, Termiz, Xorazm, Farg‘ona, Shosh kabi shaharlari jahon bo‘ylab mashhur. Bugun ularning tarkibiga Jizzax vohasi, ya’ni Ustrushana mintaqasi ham kiritilmoqda. Jizzax zaminining shunday tabarruk maskanlardan biri bo‘lganidan ko‘pchilik yurtdoshlarimiz to hanuz bexabar bo‘lishlari mumkin. Aslida Ustrushana qadimdan G‘arb va Sharqni bir-biriga bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan taraqqiy etgan makon bo‘lgan. Majduddin Muhammad Ustrushaniy Jizzax zaminidan yetishib chiqqan faqihlardan biridir. To‘liq ismi Abulfath Majduddin Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy bo‘lgan alloma XII asrning oxiri XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab, yuksak ilmiy salohiyati bilan fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shganlardan biridir. Olim Ustrushanada tug‘ilib, keyin oilasi bilan Samarqandga ko‘chib o‘tadi va shu yerda ijodiy faoliyat olib boradi. Ustrushaniyning hayotlik vaqti Samarqand fiqh maktabi rivojining so‘nggi davri va mo‘g‘ullar istilosining dastlabki bosqichiga to‘g‘ri keladi.
Jahon fani uchun Movarounnahrda faoliyat olib borgan olimlar qatorida faqihlarning merosini o‘rganish ham katta ahamiyatga ega. bugungi kunda islom huquqi tarixiy-ma’naviy meros sifatida baholanib, uni ilmiy o‘rganish jarayoni boshlangan. Shuning uchun movarounnahrlik faqihlarning jahon huquqiy tafakkuri taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini nechog‘lik ahamiyatli ekanini atroflicha chuqur tadqiq qilish davr talabidir. Bu borada Markaziy Osiyodagi faqihlar faoliyati, hanafiy mazhabining yurtimizda rivojlanish tarixi hamda uni o‘rganishga bag‘ishlangan ayrim kompleks ishlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Haqiqatan ham, faqihlarning huquqiy qarashlari faqat ular yashab ijod etgan davr uchungina xos bo‘lib қоlмasdan, hozirgi davrda ham o‘z ilmiy qiymatini yўқоtмаgan. Movarounnahrlik faqihlar islom olamining boshqa mintaqalarida ham e’tirof etilgan bo‘lib, ular tomonidan ta’lif etilgan fiqhiy asarlar hozirgi kunda islom olamining nufuzli ilm dargohlarida huquqshunoslik bo‘yicha asosiy qo‘llanma vazifasini o‘tamoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Movarounnahr fiqh ilmining yuzaga kelishi, rivojlanish bosqichlari, yo‘nalishlari, o‘ziga xos jihatlari va an’analarini o‘rganishga jiddiy yondashuv lozimligini ko‘rsatadi.
Asosiy qism
Yurtimizda fiqh ilmi rivojlangan markazlarni mintaqaviy jihatdan tadqiq etish o‘ziga xos bir yo‘nalish bo‘lsa, yirik faqihlar hayoti va ilmiy meroslarini maxsus o‘rganish yana bir boshqa sermahsul yondashuv hisoblanadi. Movarounnahrlik yirik faqihlardan biri Majduddin Ustrushaniy (577-637/1180-1240 yildan keyin)ning hayoti, ijodi va alloma yashagan davrni ilmiy o‘rganish dolzarb masalalardan biridir.
Movarounnahr mintaqasida fiqh ilmi tarixi va faqihlar faoliyati bo‘yicha O‘zbekistonda va xorijiy davlatlarda qator ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Mintaqaning nufuzli markazlaridan biri bo‘lgan Самарқanddaги mazkur ilm rivojini yoritishda, asosan, uning ko‘zga ko‘ringan vakili Burhoniddin Marg‘inoniy hayoti va ijodiga e’tibor qaratiladi. Uning shogirdi Majduddin Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniy faoliyati va ilmiy merosi ham tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolmadi. Bir qator olimlar faqihning tarjimai holini tarixiy-biografik asarlar ma’lumotlariga tayangan holda biroz o‘rganganlar. Ammo Majduddin Ustrushaniyning o‘z asarlarida berilgan qimmatli avtobiografik ma’lumotlar esa, tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelgan.
Majduddin Ustrushaniyning ilmiy-ma’naviy merosini «Kitob al-fusul», «Jomi’ ahkom as-sig‘or», «al-Fatovo», «al-Quruz va-d-duyun» va «al-As’ila val-ajviba» kabi asarlari tashkil etadi. Mazkur asarlaridan birgina «Jomi’ ahkom as-sig‘or» chop etilgan bo‘lsa-da, u hozirgacha yetarlicha tadqiq qilinmagan edi. Shuni ham aytish lozimki, uning nashrlarni amalga oshirishda ma’lum tekstologik xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bir guruh saudiyalik tadqiqotchilar allomaning «Kitob al-fusul» asaridan muayyan bo‘laklarni ilmiy jihatdan chegaralangan, faqat zamonaviy shariat ilmlari doirasida tahlil etib, tadqiqot olib bordilar.
Movarounnahr fiqh ilmi tarixiga bag‘ishlangan umumiy xususiyatdagi tadqiqotlarda Majduddin Ustrushaniy hayoti va ba’zi asarlarigina zikr etib o‘tiladi. Ammo Ustrushaniyning ilmiy merosini o‘rganish orqali mo‘g‘ullar istilosidan keyingi dastlabki yillar jamiyatda faqihlarning o‘rnini belgilashga taalluqli masalalarga oydinlik kiritishga imkon yaratiladi.
Musulmon Sharqida yaratilgan tabaqot turkumidagi manbalarda Majduddin Ustrushaniy ilmiy-ma’naviy merosi haqida umumiy ma’lumot berib o‘tilgan. Jumladan, Abdulqodir ibn Abi-l-Vafo al-Qurashiy (vaf. 775/1373 y.), Hoji Xalifa (vaf. 1067/1657 y.), Muhammad Abdulhay al-Laknaviy (vaf. 1304/1886 y.) va Xayruddin az-Zirikliy kabi biograflarning asarlarida Majduddin Ustrushaniyning tarjimai holi va ikki asari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Turkiyalik Ahmed Uzel o‘z tadqiqotida Majduddin Ustrushaniy ilmiy merosi to‘g‘risidagi qisqa ma’lumotlarni bayon etgan. Yana bir turkiyalik olim Xolit Unal esa allomaning qisqacha tarjimai holidan tashqari «al-Fatovo» asari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni keltirgan.
Xorijiy Sharq musulmon mamlakatlari zamonaviy tadqiqotchilari Abdulhamid Abdulxoliq al-Bayzaliy, Abu Musab al-Badriy hamda Mahmud Abdurrahmon Abdulmunim kabilar Majduddin Ustrushaniyning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari matnini nashr qilganlar. Saudiyalik Fahd ibn Nosir ibn Farroj al-Faridiy, Abdurrahmon ibn Usmon al-Murshid, Sulaymon al-Xamis kabi tadqiqotchilar allomaning «Kitob al-Fusul» asari asosida tadqiqot ishi olib borganlar.
Tadqiqotchi A.Mo‘minov o‘zining nomzodlik dиссерtaциясиda Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning ilmiy merosiga qisqacha to‘xtalib o‘tgan. O‘zbekistonlik tadqiqotchi olimlardan M.Komilov, O.Qoriyev, A.Sh. Jo‘zjoniy, N.J.Yusupova kabilar ham o‘z tadqiqotlarida Majduddin Ustrushaniyning otasi haqida qisqa ma’lumot berganlar.
Ammo yuqorida zikr etilgan ishlarda Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning hayoti va uning ilmiy merosi har tomonlama tadqiq qilinmagan. Bunday izlanishlarda allomaning ismigina zikr etilgan bo‘lib, ularning bosh ilmiy maqsadi asarlari matnini nashr etishdan iborat bo‘lgan.
Yevropalik sharqshunoslar tomonidan Majduddin Ustrushaniy hayoti va ilmiy merosiga oid tadqiqotlar amalga oshirilmagan. Faqat birgina Karl Brokkelman (Germaniya) Majduddin Ustrushaniyning ilmiy merosi haqida umumiy tarzdagi muxtasar ma’lumotlarni keltirish bilan kifoyalangan, xolos.
Ko‘rinib turibdiki, Majduddin Ustrushaniy hayoti va merosi haqidagi ma’lumot yetarli emas. Tadqiqot jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmalardan birida olimning zamona ilmiy jamoatchiligi e’tiboridan chetda qolib kelayotgan «al-As’ila val-ajviba» («Savollar va javoblar») asari mavjudligi aniqlandi. U hanuzgacha hech bir tabaqot janriga oid asarlarda qayd etilmagan. Asar bizga alloma hayoti haqida tamomila yangi ma’lumotlarni berdi. Natijada alloma haqidagi ayrim fikr-mulohazalar bir tomondan oydinlashsa, ikkinchi tomondan, yanada chigallashdi. Gap shundaki, mavjud manba va tadqiqotlarda Majduddin Ustrushaniy 632/1234-35-yilda vafot etgan, deb qayd etilib, tug‘ilgan yili esa zikr etilmagan. Ammo olimning o‘zi «al-As’ila val-ajviba» asarining xotima qismida shunday yozgan: «...Lekin kunlar 60 yoshli oqsoq kampir singari o‘z yopinchig‘iga o‘ralib, mendan yuz o‘girib ketdi. ...Kitobni tamomlash tongi hijriy 637 sananing Zulqa’da oyining oltinchi kuni, peshindan oldinroq yorishdi».
Agar mazkur axborot inobatga olinsa, olim 637/1240 yilda hali hayot, yoshi esa 60 da bo‘lgani haqida xulosa chiqarish mumkin. Demak, Majduddin Ustrushaniyning boshqa mavjud manbalarda ko‘rsatilgan 632/1234-35 yildagi vafoti noto‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Agarda olim ushbu asarini 637/1240 yil 28 mayda 60 yoshida tugatgan bo‘lsa, demak, uning tug‘ilgan sanasini 577/1180 yil atrofida deb faraz qilish mumkin. Ya’ni asar yozib tugatilgan sanadan 60 yoshni chegirib tashlansa, olimning tug‘ilgan yili oydinlashadi. Ammo olimning vafot sanasi noma’lumligicha qolmoqda. Biz yuqoridagi ma’lumotlarga tayanib, Majduddin Ustrushaniy taxminan 637/1240 yildan so‘ng vafot etgan deyishimiz mumkin.
Alloma o‘zining yoshlik yillari haqida shunday deydi: «O‘zimni murakkab masalalarni mutolaa qilishga va daqiq (nozik) dalillarni mushohada etishga o‘rgatib, tasnif etilgan ajoyib kitoblardan bahramand bo‘lishga va ahkom sohasida ta’lif etilgan halol va harom nimaligi bayon qilingan asarlardan to‘g‘ri yo‘l izlab topishga himmatimni jalb qildim».
Olim ilmiy dunyoqarashi shakllanishida oilaviy muhitning ahamiyati salmoqli bo‘lgan. Olim bir necha avlod faqihlar sulolasining davomchisi bo‘lgan, deyish mumkin. Zero, manbalar uning bobosi Majduddin Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy o‘qimishli va ziyoli oilada tarbiya topganligi haqida guvohlik beradi. Alloma XII asrda Ustrushanada yashab, fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Otasi Mahmud o‘z zamonasida «Jaloluddin» («Dinning ulug‘ligi») degan sharafli unvonga sazovor bo‘ladi. Amakisi Burhoniddin Ahmad ibn Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy ham faqih bo‘lib, «Kitob al-fatovo» nomli fiqhiy asar ta’lif etgan. Alloma o‘zining amakisi haqida «Kitob al-fusul» va «al-As’ila val-ajviba» asarlarida ma’lumotlar keltiradi. Muallif o‘z asarlarida amakisining fikrlaridan keng foydalangan.
Onasining bobosi «Shams al-aimma» («Imomlar quyoshi») sharafli unvonga va tog‘asi Muhammad ibn Ahmad esa «Shamsuddin» («Din quyoshi») laqabiga ega bo‘lganlari haqidagi ma’lumotlar manbalar asosida aniqlandi. Shuningdek, Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning o‘zi muftiy bo‘lgan va o‘z zamonasining mujtahid olimlaridan hisoblangan.
Olimning ilk ustozi – o‘z otasi faqih Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy bo‘lgan. Mavjud manbalarda uning ismi «Sohib al-fusul»ning otasi yoki Burhoniddin Marg‘inoniyning shogirdi sifatida zikr etilishi, uning sha’niga qisqacha madh bitish talabga aylangani uning ilm ahli orasida katta obro‘-e’tibor va hurmatga sazovor bo‘lganidan darak beradi. Mahmud Ustrushaniyning «al-Favoid» nomli fiqhiy asar yozganligi ma’lum.
Tadqiqotchi O.Qoriyev «Al-Marg‘inoniy – mashhur fiқhshunос» risolasida allomaga quyidagicha ta’rif beradi: «Jaloluddin Mahmud ibn Husayn Ustrushaniy Farg‘ona viloyatida tavallud topgan. Fiqh ilmida Burhoniddin Marg‘inoniydan ta’lim olgan. Keyinchalik o‘zi ham Shayxulislom, Jaloluddin va Burhoniddin kabi sharafli nomlarga ega bo‘lgan». To‘g‘ri, Mahmud Ustrushaniy fiqh ilmida Burhoniddin Marg‘inoniydan ta’lim olgan. Lekin Farg‘onada emas, balki Ustrushanada tavallud topgan.
Alloma haqida A.Sh. Jo‘zjoniy, N.J. Yusupova «Burhoniddin Marg‘inoniy: hayoti va ilmiy merosi» risolasida Mahmud Ustrushaniy Burhoniddin Marg‘inoniyning avlodlaridan бўlgan, deb ta’rif berilgan. Ammo manbalarda Mahmud ibn Husayn Ustrushaniy Burhoniddin Marg‘inoniyning faqat shogirdi sifatida tilga olinadi, xolos.
M.Komilov o‘zining «Movarounnahrda fiqh ilmining rivoji va faqih Alouddin as-Samarqandiy» tadqiqotida «Movarounnahr faqihi Burhoniddin Mahmud ibn Husayn Ustrushaniy vafoti taxminan XII asr» deb ta’rif beradi.
Mahmud Ustrushaniy haqida aniq ma’lumotni uning o‘g‘li qalamiga mansub «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarining xotimasidan olish mumkin: «Otam Shayx al-imom al-muttaqiy Jalol al-milla va-d-din muftiy al-umma Mahmud ibn shayx al-imom al-ajal al-kabir majid al-milla va-d-din al-Husayn ibn Ahmad, otamning umrini uzoq qilsin va otasini rahmat qilsin...».
Yuqoridagi ma’lumotga tayanib, Majduddin Ustrushaniyning bobosi Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy olim bo‘lib, o‘z kitobini yozib tugatganida vafot etgan, otasi Mahmud ibn Husayn esa hayot bo‘lgan, deb xulosalash mumkin.
Muallif «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarining tugallangan sanasini asarning xotima qismi so‘ngida yozib qo‘yilgan: «Ushbu kitob ta’lif va tahriridan 625 hijriy yil sha’bon oyining 24-kunida forig‘ bo‘ldim. Alloh subhonahu va taolo bilguvchiroqdir va Uning huzuriga qaytish haqdir».
Demak, Majduddin Ustrushaniy ushbu asarini 625/1228 yil 28-iyulda tugatgan vaqtida bobosi Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy vafot etgan va otasi Mahmud esa hayot bo‘lgan. Yuqoridagi ma’lumotlarga tayanib, Mahmud ibn Husayn 625/1228 yildan keyin Samarqandda vafot etgan, deb xulosa qilish mumkin.
Majduddin Ustrushaniyning oilasi Samarqandga qachon ko‘chib kelgani tadqiqotchilarning nazaridan chetda qolgan. Ushbu masala haqidagi muhim ma’lumotni Hoji Xalifa o‘zining «Kashf az-zunun» asarida quyidagicha keltiradi: «ash-Shayx al-imom az-zohid Jaloluddin «Fusul» va «Jomi’ ahkom as-sig‘or» muallifining otasi Mahmud ibn shayx Majduddin Husayn ibn Ahmad Ustrushaniy Nosiruddin Muhammad ibn Yusuf al-Husayniy as-Samarqandiy (vaf. 556/1161 y.)ning «Multaqot fi al-fatovo» asarini 603/1207 yilda Ustrushanada tajnis qilib (ya’ni tartibga solib qismga ajratmoq), 616/1219 yilda Samarqandda imlo qildi».
Bu ma’lumotdan shunday xulosa qilish mumkinki, Ustrushaniylar oilasi 603/1207 yilgacha Ustrushanada yashagan. Samarqandga esa 603/1207 va 616/1219 yillar orasida ko‘chib kelib, shu yerda muqim yashay boshlagan. Bu vaqtda Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniy 27-39 yosh oralig‘ida bo‘lgan.
Allomaning ustoz va shogirdlari: Majduddin Ustrushaniy olim sifatida hanafiy mazhabi ilmiy muhitida shakllangan. Ko‘pchilik tarojim asarlarida Ustrushaniyning ikki yoki uch uztozi zikr etiladi, xolos. Bunga sabab, balki, olimga ko‘proq tahsil bergan ustozlarini zikr etish bilan kifoyalanish bo‘lsa kerak. Ammo uning asarlarida o‘z davridagi ko‘plab olimlarning so‘zlari, rivoyatlari keltirilgan.
Majduddin al-Ustrushaniy o‘sib, shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Ko‘pchilik tarojum asarlarida uning ikki ustozi zikr etiladi. Olim ularni o‘z asarlarida zikr etgan.
Manbalar Burhonuddin al-Marg‘inoniy Mahmud va uning o‘g‘li Muhammad al-Ustrushaniylarning ustozi bo‘lganligini tasdiqlaydi. Marg‘inoniyning yashagan davri Sharq uyg‘onish davrining birinchi bosqichi bo‘lmish IX–XII asrlarga, ya’ni Markaziy Osiyoda jamiyat taraqqiyoti uchun fiqh ilmiga katta zarurat tug‘ilgan bir davrga to‘g‘ri keldi. Olim yozgan asarlar, ayniqsa, «al-Hidoya» asari o‘sha davr huquqiy muammolarini yechib berishga qaratilgan edi.
Buyuk alloma umrining oxirlarida Samarqandda yashab, ijod etib, 593/1197 yili o‘sha yerda dunyodan o‘tgan. Ash-Shomiyning «Durr alмuхtoр» asarida yozishicha, ulug‘ faqih Samarqanddagi 400 ga yaqin Muhammad otli faqihlar dafn etilgan Muhammadilar qabristoni «Turbat alMuhammadиyyиn» yonida dafn etilgan.
Fiqh ilmining ahamiyatini chuqur tushungan Burhonuddin al-Marg‘inoni o‘z farzandlarini ham ushbu sohada tarbiyalab kamolga yetkazgan. Olib borilgan izlanishlar asnosida al-Marg‘inonining to‘rtta o‘g‘li borligi haqidagi ma’lumotlar aniqlandi. Tabaqot janridagi barcha manbalarda esa, uning uchta faqih o‘g‘li va bitta faqih nevarasi bo‘lgani ta’kidlanadi. O‘g‘illar ismida ham chalkashliklar borligi aniqlandi:
1. Muhammad ibn Ali ibn Abi Bakr ibn Abduljalil Abu-l-Fath Jaloluddin al-Farg‘oniy.
2. Umar ibn Ali ibn Abi Bakr ibn Abduljalil Shayxulislom Nizomuddin al-Farg‘oniy. Uning «al-Favoid» va «Javohir al-fiqh» nomli fiqhiy asarlari bor. Ammo Majduddin al-Ustrushaniy Umarga murojaat qilganida uni yuqoridagi manbalardagidek «Shayxulislom Nizomuddin» emas, balki «Shayx al-imom al-ajal Badruddin» deb murojaat qiladi. Olimning «Shayxulislom Nizomuddin» sharafli ismi bilan ataluvchi yana bir o‘g‘li bor bo‘lib, uning ismi al-Hasan ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun ham Burhonuddin al-Marg‘inoniyning kunyasi Abu-l-Hasan ekanligi oydinlashdi.
3. Al-Hasan ibn Ali ibn Abi Bakr ibn Abduljalil Shayxulislom Nizomuddin al-Farg‘oniy.
4. ‘Imoduddin ibn Ali ibn Abi Bakr ibn Abduljalil al-Farg‘oniy yetuk faqih va she’r yozish iste’dodiga ega bo‘lgan.
5. Al-Marg‘inoniyning nevarasi Abu-l-Fath Jamoluddin ibn Imoduddin al-Farg‘oniy Samarqandda yashab, ilmiy ishlar bilan shug‘ullangan. Manbalarda yozilishicha, u 651/1253 yil Samarqand shahrida qozilik mahkamalariga doir «al-Fusul al-imodi» nomli fiqhiy asar yozgan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, Burhonuddin al-Marg‘inoniy va uning farzandlarining fiqh ilmiga qo‘shgan hissalari beqiyos bo‘lgan. Muhammad ibn Mahmud shunday buyuk faqihning shogirdi bo‘lganidan yuksak ilmiy cho‘qqilarga erishgani bejiz emas.
Majduddin al-Ustrushaniyning ustozlaridan yana biri o‘z zamonasining mujtahid olimlari qatorida tilga olingan «Nosiruddin» sharafli unvon sohibi Muhammad ibn Muhammad ibn Yusuf al-Husayniy as-Samarqandiydir[11]. Bu alloma «al-Fiqh an-nofi’«, «al-Jomi’ fi-l-fatovo», ikki jildlik «Masobih as-subul», «Aymon an-navozil», «Kitob al-axsof», «Maal al-fatovo», «al-Multaqat fi-l-fatovo», «Xulosat al-mufti» kabi fiqhga oid qator asarlar tasnif qilgan. Olim 556/1161 yilda Samarqandda qatl etilgan. Majduddin al-Ustrushani Nosiruddin as-Samarqandini o‘zining g‘oyaviy ustozlaridan biri hisoblagan va uning asarlaridan unumli foydalangan.
O‘z zamonasining yetuk allomalaridan biri Zahiruddin Muhammad ibn Ahmad ibn ‘Umar al-Buxori (vaf. 619/1222) ham Majduddin al-Ustrushanining ustozlaridan biri bo‘lgan. Uning «al-Fatovo az-zahiriya» va «al-Favo’id az-zahiriya» nomli fiqhiy asarlari ma’lum. Majduddin al-Ustrushani «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarida allomaning «al-Fatovo az-zahiriya» asariga 13 marta murojaat qilgan.
O‘z navbatida Majduddin al-Ustrushani ko‘plab shogirdlar ham tarbiyalab yetishtirgan. Shulardan biri faqih, muhaddis va mufassir Muhammad ibn Usman ibn Muhammad al-Aliobodi as-Samarqandidir. O‘z davrida «Husomuddin» degan sharafli laqabga sazovor bo‘lgan. Bu allomaning «Komil al-fatovo», «Matla’ al-maoni va manba’ al-maboni fi-t-tafsir al-Qur’on» («Qur’on tafsiri haqidagi dastlabki ma’nolar va asosiy manbalar») va «al-Favoid» kabi asarlari mavjud.
Majduddin al-Ustrushaniyning ustoz va shogirdlari haqidagi ma’lumotlar uning fiqh ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shganini tasdiqlaydi. Ustrushanining yoshlik davrida Samarqand Movarounnahrning eng yirik madaniyat markazlaridan biri bo‘lganligi tasdiqlandi. Shu sababli ham Ustrushanining faoliyati mazkur ilm markazi ilmiy muhiti bilan bevosita bog‘liq holda rivojlangan. Olim mintaqadagi umumiy ilmiy-ma’naviy holatdan har tomonlama boxabar bo‘lgan, uning mahsuli va ko‘zgusi hisoblanadi.
Allomaning ilmiy merosi: Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn Ustrushaniyning ilmiy-ma’naviy merosini «Kitob al-fusul», «Jomi’ ahkom as-sig‘or», «Qurrat al-aynayn fi islah ad-dorayn», «al-Fatovo», «al-Quruz va-d-duyun» va «al-As’ila val-ajviba» kabi fiqhiy asarlari tashkil etadi.
Kitob al-fusul: Imom Ustrushaniyning ushbu ilk asari qozilarning amaliyotdagi ishlarini yengillashtirish maqsadida yozilgan. Mazkur asar o‘z davriga oid ko‘p ma’lumotlarni o‘zida mujassam qilgan. Uni birinchilardan bo‘lib tadqiq qilgan olim Badruddin Mahmud ibn Isroil al-Hanafiy (vaf. 823/1420 yil)dir. U «Kitob al-fusul»ni Abul-Fath Jamoluddin ibn Imoduddin al-Farg‘oniy tomonidan 651/1253 yil yozilgan 40 fasldan iborat «al-Fusul al-imodi» asari bilan qiyosiy o‘rganib, o‘zining «Jomi’ al-fusulayn» asarini 814/1411 yil 20 iyun kuni yozib tugatgan.
«Kitob al-fusul» asari arab davlatlarida qozilik ishlarini o‘z mazhablari nazaridan qiyosiy tadqiq etish uchun o‘rganilgan. Jumladan, zamonaviy tadqiqotchilardan saudiyalik Fahd ibn Nosir ibn Farroj al-Faridiy, Abdurrahmon ibn Usmon al-Murshid, Sulaymon al-Xamislar shu asarni tadqiqi etishgan. «Kitob al-fusul» yoki «Fusul al-Ustrushaniy» asari o‘ttiz fasldan iborat bo‘lib, olimning birinchi ta’lif qilgan asarlari sirasiga kiradi.
«Kitob al-fusul»ning o‘nta qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, ularning to‘rttasi Toshkentda va oltitasi xorijiy mamlakatlarning qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda.
Majduddin Ustrushaniyning fiqh ilmidagi asosiy xizmati shundan iborat bo‘lganki, alloma o‘z zamonasigacha yozilgan nazariy asarlarda keltirilgan fiqhiy masalalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilgan.
Ushbu asarning yaratilishiga to‘xtalib, alloma yozadi: «Asarimni «Kitob al-fusul» deb nomladim. Uni yozishga meni undagan narsa ilmu fazlimni ortib ketgani emas, balki uni o‘zim uchun latif bir manba sifatida tayyorladim. ...umrimning navqironlik yillarini mazkur ulamolarning mumtoz to‘plamlari va durdona mavzularini ko‘rib chiqishga sarf etdim. Ularning bu sohada chuqur va chiroyli ish qilib, latif va nafis iz qoldirganlarini ko‘rib, bu xazinadan bir hamyon olish va bu ilm dengizidan bir dona gavharni o‘zlashtirib, ulardan mazkur ilmlar yo‘liga boshlovchi usullar, ular yurgan izlarga yetaklovchi fasllarni bir kitobga jamlab qo‘yishga azmu qaror etdim. Ularning asarlaridan qozilik va da’vogarlikka doir masalalarni tanlab, fatvo kitoblaridan shu mavzuga doir fatvolarni ham ularga qo‘shdim».
Umuman olganda, o‘z zamonasida fatvo chiqarish huquqiga ega bo‘lgan olimlar safidan munosib o‘rin egallagan allomaning yuzdan ortiq mashhur mujtahid va fuqaholarning kitoblaridan foydalangan holda yozilgan «Kitob al-fusul» asari o‘z davri qozilarining ishini yengillashtirish va ularga ilmiy jihatdan yordam ko‘rsatish maqsadida amaliy qo‘llanma sifatida tayyorlangan, deyish mumkin.
Mazkur asar 625/1228 yilda mo‘g‘ul istilochilari Samarqandni bosib olgan davrda yozilgan. Mo‘g‘ullar bosqini oqibatida Movarounnahr aholisi juda katta moddiy va ma’naviy talofatlar ko‘rgan, xalq katta musibatga uchragan, masjid va madrasalar yoqilgan, ko‘pchilik ulamolar o‘z Vatanini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lgan edi.
«Kitob al-fusul» asari haqida shunday xulosaga kelish mumkinki, u qozilarning ishini isloh qilish va ularga ilmiy jihatdan yordam ko‘rsatish maqsadida yuzdan ortiq mashhur mujtahid va faqihlarning asarlaridan foydalangan holda tayyorlangan. Asarni tahlil qilish orqali shunday xulosaga kelish mumkinki, qozixonalarda ibodatga taalluqli masalalar ko‘rilmagan, balki jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy muammolar ko‘rib chiqilgan va hal qilingan. Shaklan o‘zgacha bo‘lsa ham, mohiyat va mazmun, ko‘zlangan adolat normalari bir xil bo‘lgani bois faqihlarning faoliyati hozirgi zamon sudlari faoliyatiga o‘xshab ketadi.
Majduddin Ustrushaniy mahalliy faqihlarning asarlarini o‘rganib, mintaqa qozilik mahkamalari uchun mukammal qo‘llanma sifatida «Kitob al-fusul» asarini yaratdi. Shu bilan, nafaqat o‘z davri, balki keyingi davr Movarounnahr qozixonalari ishini yengillashtirishga va ularning faoliyatini takomillashtirishga beqiyos hissa qo‘shgan.
Majduddin Ustrushaniyning o‘rta asrlar fiqh ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi «Kitob al-fusul» hamda «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarlari bilan belgilanadi. Birinchisi qozilik ishlarini tizimlashtirgani, ularni tartiblashtirgani, jamiyat hayoti bilan uzviy bog‘lashga harakat qilganligi bilan juda qadrli manbalardan biriga aylangan. Shu bilan birga, zamonaviy ahamiyati, unda o‘rta asrlar fiqh ilmi va faqihlarga oid juda katta faktik materiallar borligi bilan belgilanadi. Shuningdek, asarda ijtimoiy va iqtisodiy muammolarning qozilar tomonidan qanday hal etilganligi masalalari ham keng muhokama etilgan.
Asarning bir nechta qo‘lyozma nusxalari mavjud. Ulardan to‘rttasi Toshkentda bo‘lib, uchtasi O‘zR FASHIda va bittasi Alisher Navoiy nomli Adabiyot muzeyining qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Shuningdek, «Kitob al-fusul» asarining oltita qo‘lyozma nusxalari chet el kutubxonalarining fondlarida ham saqlanmoqda.
Al-Ustrushaniyning ikkinchi asari – “Jomi’ ahkom as-sig‘or”dir. Musulmon olamida Majduddin Ustrushaniydan keyin bolalar haq-huquqlariga taalluqli fiqhiy asar deyarli yozilmadi. Ammo bolalarga taalluqli hadislar to‘plami mavjud bo‘lib, u Imom Shamsuddin Muhammad ibn Abi Bakr ibn al-Qayyim al-Javziya (691-751/1292-1350 y.)ning «Tuhfat al-mavdud bi ahkom al-mavlud» asaridir. Bu asar 17 bobdan iborat bo‘lib, unda Allohdan bola so‘rashning mustahabligi, qiz bolalardan g‘azablanishning makruhligi, farzand xushxabarini yetkazish, chaqaloq qulog‘iga azon va iqomat aytish, bolani tahnik qilish, aqiqa va uning hukmlari va u haqidagi ixtiloflar, bola sochini olish va soch og‘irligicha sadaqa berish, ism qo‘yish vaqti va majburiyligi, bolani xatna qilish va uning hukmlari, quloq teshish hukmi, bolalarning ovqat yeyish odoblari, emizikli bolaning so‘lagiga doir hukmlar, bolalarni o‘pish, ularga odob va ilm berish, bolalarni tarbiyalashdagi boshqa foydali masalalarni o‘z ichiga olgan muxtasar asardir.
«Jomi’ ahkom as-sig‘or»da fiqhga oid yuzdan ortiq kitoblardan bolalarga taalluqli shar’iy fatvolar yig‘ib, tizimlashtirilgan va batartib jamlangan. Bu asar dunyoga kelishi uchun Majduddin Ustrushaniy hanafiy mazhabining o‘z davrigacha yashab, ijod etgan 120 dan ortiq faqihlarining fikrlarini mujassam qilgan. Shu jihatlari bilan bu mukammal asar hozirgi zamon islomshunos va islom huquqi tarixi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba hisoblanishi bilan bir qatorda zamonaviy huquqshunoslik uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.
«Jomi’ ahkom as-sig‘or» islom huquqshunosligiga oid qimmatli manba bo‘lgani bois, uning qo‘lyozma nusxalari dunyoning turli mamlakatlariga keng tarqalgan. AQSHning Prinston universiteti (№ 1704), Iroqning Bag‘dod shahridagi «Iroq milliy muzeyi» (№ 9626/1) va Markaziy vaqflar (№ 3741/1, №7460/1) hamda Mosul shahridagi «al-Ahmadiyya» markaziy vaqf (№ 9/7) kutubxonalarida saqlanayotgan 5 ta qo‘lyozma ular qatoriga kiradi.
Umuman olganda, «Jomi’ ahkom as-sig‘or»ning o‘n bitta qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, ulardan chet el кutuбхоnalариning fondlarida saqlanuvchi olti nusxasi ilmiy adabiyotda yaxshi ma’lum. Ammo asarning Toshkentdagi №6245, 9634, 10409, 8955 va 12723/II raqamlari ostida saqlanayotgan beshta nusxasi ilmiy jamoatchilik e’tiboridan chetda qolib kelgan, ammo mazkur nusxalarning ham ilmiy ahamiyati yuqoridir.
bugungi kunda xalqaro maydonda bola huquqlari bilan bog‘liq muammolar, xususan, homilaning qachondan boshlab inson hisoblanishi keng mulohazalarga sabab bo‘lmoqda. Asarda «Tirik mavjudotning hayoti qachon boshlanadi?», «Bola qachondan bola hisoblanadi?» kabi hozirda ham dolzarb bo‘lib qolayotgan savollarga to‘liq javob berilgan. Unda bola tug‘ilmasidan avval ham, tug‘ilgandan keyin ham inson hisoblanishi, bolalar jismonan, aqlan va ijtimoiy jihatdan voyaga to‘liq yetmagunga va mustaqil bo‘lmagunga qadar alohida g‘amxo‘rlik va himoyaga muhtojligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Xulosa qilib aytganda, «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarida hayotning asosiy manbai bo‘lgan oila, uning shirin mevasi bo‘lmish farzandlar tarbiyasi, ularning oiladagi, jamiyatdagi haq-huquqlari aniq va to‘liq bayon etilgan. Eng muhimi, islom dinining bolalar huquqlari xususidagi qarashlari bu sohadagi zamonaviy qarashlar bilan hamohangdir.
Manbalarda olimning «al-Fatovo» deb nomlangan yana bir fiqhiy asari nomi qayd etiladi. Muallif mazkur asari xususida o‘zining «Jomi’ ahkom as-sig‘or» kitobining xotima qismida shunday ta’rif beradi: «... birinchi asarimni «Kitob al-fusul» deb nomladim. ... ikkinchisini «Jomi’ ahkom as-sig‘or» ... va uchinchisini «al-Fatovo» deb nomlayman, degan umiddaman».
Asarda kundalik hayotda uchraydigan masalalarning fiqhiy hukmlari sodda va tushunarli bir uslubda qisqa jumlalar bilan yoritilgan. Mavzular ko‘proq hadisi shariflar, mujtahid va mutasavviflarning so‘zlari bilan izohlangan. Mazkur fiqhiy asar 633/1236 yilda yozilgan.
Asar qirq fasldan iborat bo‘lib, unda dinning mohiyati, odob-axloq normalari, ilmlar tasnifi, amri-ma’ruf va nahiy munkar qilish odoblari, Qur’onni ko‘chirish va uni o‘qiganga hurmat ko‘rsatmoq, salom berish odoblari, kasal ziyorati, hayvonlarni boqish va ulardan foydalanish tartiblari, qush boqish, shaxmat va boshqa o‘yinlar o‘ynamoq, nikoh to‘yida do‘mbira chaldirish, kiyinish odobi, o‘quvchilarga imtihondagi holatiga ko‘ra farqli baho qo‘yishning joiz bo‘lishi kabi kundalik hayotda ko‘p uchraydigan muammoli savollarga hanafiy mazhabi nuqtai nazaridan javoblar berilgan.
Allomaning «al-Quruz va-d-duyun» («Qarz turlari») nomli to‘rtinchi asarining mavjudligi muallifning «al-As’ila val-ajviba» kitobida qayd etilgan. Ammo ushbu asarning qo‘lyozma nusxasi topilmadi. Dunyo qo‘lyozma xazinalaridan allomaning mana shu asari topilsa, hozirgi kundagi pul, moliya, banklarda kredit berish va olish masalalariga doir shar’iy javoblar majmuasiga ega bo‘lar edik.
Manbalarda «Qurrat al-aynayn fi isloh ad-dorayn» («Ikki dunyo saodati uchun ko‘z quvonchi») allomaning asari deb ko‘rsatilgan. Bu asarning yagona qo‘lyozma nusxasi Misr milliy kutubxonasida I/340 raqam ostida saqlanadi. Lekin alloma o‘zining boshqa asarlarida bu kitob haqida hech qanday ma’lumot qoldirmagan.
Allomaning yana bir asari «al-As’ila val-ajviba» («Савоllар va javoblar») deb nomlangan. Asarda XII asrning ikkinchi yarmi va XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrdagi ijtimoiy va iqtisodiy hayot, urf-odatlarga oid qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Mazkur asar 637/1240 yil 28 mayda yozib tamomlangan]. Bu asari XIII asrgacha ijod qilib o‘tgan hanafiy ulamo va fuqaholardan turli mavzularda so‘ralgan fiqhiy savollarga bergan javoblar, asosan, arab, ba’zan fors tillarida naql qilinadi. U tahorat, namoz, zakot, ro‘za, haj kabi ibodatga doir hamda nikoh, taloq, qasam, jinoyat va jazo, tijorat, halol-harom kabi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy mavzulardagi savol va javoblar majmuidir. Islom olamida shuhrat topgan yuzdan ortiq fuqaho va mujtahidlarning bergan fatvolari saralab olinib, naql qilingan. Demak, bu asarning yozilishiga o‘sha davrdagi diniy, ijtimoiy, siyosiy va huquqiy sohalardagi zarurat sabab qilib ko‘rsatish mumkin. «Al-As’ila val-ajviba» asari XIII asrning birinchi yarmida yozilganligi sababli unga Movarounnahrda mo‘g‘ullar istilosi davrida fiqh tarixini o‘rganish bo‘yicha muhim huquqiy manbalardan biri, deb qaralishi mumkin.
Xulosa
Majduddin Ustrushaniyning ilmiy merosi, unda ilgari surilgan g‘oyalar hozirgi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. U turli aqidaparast, dinni niqob qilib, siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinayotgan guruhlarga qarshi g‘oyaviy kurashda, yoshlarimizni islomning ma’rifiy tamoyillari, insonparvarlik va vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda bebaho manba bo‘lib xizmat qilishi tabiiydir.
Majduddin Muhammad ibn Mahmud al-Ustrushaniy hazratlari yashagan XII asarning ikkinch yarmi XIII asrning birinchi yarmida dunyo yuzini ko‘rganining aniq ijtimoiy-tarixiy sabablari mavjud. O‘sha vaqtda mo‘g‘ullar istilosi sodir bo‘lgan: bosib olingan hududlarda yetim bolalar, nochor oilalar, bolasini boqolmgan ayollar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Suronli va notinch davrning o‘zi bolaga bo‘lgan munosabatni kun tartibining to‘riga chiqarib qo‘ygan.
Mamlakatimiz tarixida sodir bo‘lgan ikkita renessans g‘oyasining negizida mustahkam ilmiy asos yotadi. Jumladan, bola huquqlari muhofazasi kafolatlariga oid Movarounnahrda shakllangan qarashlar yurtimizning umumbashariy ahamiyatga molik va sivilizatsion xarakterdagi markaz bo‘lganining ishonchli isbotlaridan biridir. Ushbu hodisaning tarixiy Ustrushana zaminida chuqur ildiz otgan sivilizatsion markaz sifatida targ‘ib etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘rta asrlarda bu yurtda yuzdan ortiq faqihlar samarali faoliyat olib borgan.
Muslim Rixsiyevich ATAEV,
O‘zbekiston xalqaro islom
akademiyasi doktoranti,
O‘zA