Ommaviylik va mahorat ko‘rigi
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Sport – salomatlik garovi” spartakiadasining quyi bosqichlarida mamlakatimiz bo‘yicha 30 mingdan ortiq korxona, tashkilot va muassasaning 6 million nafardan ziyod xodimi ishtirok etdi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Sport – salomatlik garovi” spartakiadasining quyi bosqichlarida mamlakatimiz bo‘yicha 30 mingdan ortiq korxona, tashkilot va muassasaning 6 million nafardan ziyod xodimi ishtirok etdi.
Buxoroda o‘tkazilgan spartakiadada bu alohida ta’kidlandi. Mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport tadbirlari orqali xodimlarning salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida turli tadbirlar amalga oshirilmoqda, ular orasida mazkur spartakiada muhim o‘rin tutadi.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari vakillari sportning 6 turi bo‘yicha bahslashdi.
Ommaviylik va mahorat ko‘rigiga aylangan bellashuvlar dasturidagi suzish, badminton, shaxmat, shashka, stol tennisi bahslarida Buxoro viloyatidan R.Mahmudov, B.Kenjayev, Yu.Sidixara, G.Siddiqova, Navoiy viloyatidan A.Doniyorov, R.Bagishov, A.Fomina, O.Kan, Xorazm viloyatidan N.Xolboyeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan G.Mamutova g‘olib chiqdi. Spartakiadaning faqat xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol bahsida Navoiy viloyati havaskor sportchilari barchadan ustun keldi.
– Bizga musobaqa o‘tkazilgan Buxoro neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejining sport majmuasida yaratilgan sharoitlar juda manzur bo‘ldi, – deydi xorazmlik Nasiba Xolboyeva. – Spartakiada yuqori darajada tashkil etilgani sportchilarga o‘z imkoniyatlarini namoyish qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunday musobaqalar mahorat va tajribamizni oshirishga xizmat qiladi.
Umumjamoa hisobida g‘oliblik eng ko‘p medallarni qo‘lga kiritgan Navoiy viloyati vakillariga nasib etdi. Buxoro va Xorazm viloyatlari sportchilari kuchli uchlikdan joy oldi.
G‘oliblar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi”, “Eng mahoratli ishtirokchi”, “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun”, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlandi.