Ommaviy sport harakatini kuchaytirish masalalari tahlil qilindi
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng yoyishda yoshlar va xotin-qizlarni sportga jalb qilish tizimini kengaytirish, aholi o‘rtasida ommaviy sport harakatini samarali tashkil etish muhim omil sanaladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunda mazkur yo‘nalishdagi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishda yurtimizda faoliyat yuritayotgan idora va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan.

Sport vazirligida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etishga bag‘ishlangan Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni sportga keng jalb qilishning samarali tizimini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor har bir mahallada sport tadbirlarini tizimli tashkil etish, idora va tashkilotlar kesimida sport infratuzilmasini yaxshilash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha "mahallabay" ishlash mexanizmini kuchaytirish masalalariga qaratildi.

Muhokamalar jarayonida daxldor tashkilot, vazirlik va idoralarning tegishli mutaxassislariga ushbu yo‘nalishdagi kamchiliklarni bartaraf etish va ijroni sifatli ta’minlash masalasida takliflar bildirildi. Zarur tavsiyalar taqdim etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA