Ombudsman: xotin-qizlarning huquqiy himoyasi e’tiborda
Jamiyatimizda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday shakllaridan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hududiy vakolatxonasi tomonidan xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish sohasida tizimli, izchil va manzilli ishlar olib borilmoqda.
— Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilishga qaratilgan 49 ta murojaat kelib tushdi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili Jenisbay Shlimbetov. — Ushbu murojaatlar vakolat doirasida tegishli davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda har tomonlama o‘rganildi. Olib borilgan tezkor va samarali harakatlar natijasida og‘ir ahvolga tushib qolgan va huquqlari buzilgan 3 nafar ayolga “himoya orderi” berilishida ko‘mak berildi. Kelib tushgan shikoyatlar har tomonlama tahlil qilinganda, afsuski, yashirib bo‘lmaydigan bir haqiqat yuzaga chiqdi. Boshqacha aytganda, xotin-qizlarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik holatlarining sabab va sharoiti tahlil qilinganda, ularning asosiy qismi o‘z turmush o‘rtoqlari tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik holatlari ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu holatlar oilalarda ma’naviy-ma’rifiy muhit sog‘lomlashtirilishini, oilaviy qadriyatlar mustahkamlanishini hamda mahallalarda profilaktik ishlar ko‘lamini yanada jonlantirishni taqozo etmoqda.

Ombudsman tomonidan “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy, ijtimoiy va psixologik himoyasini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, ushbu platforma doirasida mobil “Huquqiy yordam avtobusi” tadbirlari o‘tkazilib, chekka va olis hududlarda yashayotgan xotin-qizlarga bevosita manzilli huquqiy maslahat hamda psixologik yordam berildi. Shuningdek, ushbu holatlarning oldini olish va xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Bundan tashqari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida tashkil etilgan tadbirlar davomida zo‘ravonlikka uchragan 47 nafar xotin-qiz bilan jamoaviy va yakka tartibdagi suhbat olib borildi. Ushbu jarayonga jalb etilgan tajribali huquqshunos va psixologlar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi va maxsus psixologik treninglar o‘tkazildi. O‘tkazilgan treninglar og‘ir ruhiy holatga tushib qolgan xotin-qizlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchini uyg‘otish, jamiyatga va oilaviy muhitga qayta moslashishda muhim omil bo‘lib xizmat qildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olishda faqat uning oqibatlari bilan kurashish yoki jabrlanuvchiga yordam berish bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli ham, “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida muammoning ildizini aniqlash va manzilli choralar ko‘rish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda. Xususan, zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish borasidagi ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi. Zero, jamiyatning asosi bo‘lgan xotin-qizlarning huquqiy himoyasi davlatimiz va Ombudsmanning doimiy e’tiborida.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri