“Olx.uz”dagi olg‘ir yoxud soxta ijara uy
Internetdan ijara uy izlagan Malika Mansurova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) firibgarning tuzog‘iga osongina ilindi. Muqaddam uch marotaba sudlangan Anvar Nosirov bu safar firibgarlikning antiqa usulini topgandi. U “Google” qidiruv tizimidan ko‘rinishi ko‘rkam, chiroyli uylarning rasmini saqlab olib, “olx.uz”ning e’lonlar sahifasiga go‘yoki xonadonini ijaraga berish maqsadida e’lon sifatida joylashtiradi.
Unga ko‘p o‘tmay, bir ayol qo‘ng‘iroq qiladi. O‘ziga yoqqan ijara uyni topgan ayol “boshqa xaridorlar chiqib qolmasin, uyning egasi ekan”, deb ijara haqini oldindan to‘lashga ham rozi bo‘ladi. U firibgarning tuzog‘iga ilinayotganini qaydan bilsin. Anvarning plastik kartasi raqamini bilgach, shoshilganicha dugonasidan iltimos qilib, paynet shoxobchasi orqali 1 million 30 ming so‘m pulni Anvar Nosirovning plastik kartasiga o‘tkazadi. Firibgar yigit esa, bergan va’dasini bajarmay, osongina qo‘lga kiritilgan pulni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi. Ayolning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. U “olx.uz”dagi olg‘ir yigitning hiylasiga aldanganini bilganida kech edi. Ayol Anvar uyni ijaraga berishi uchun oldindan 100 AQSH dollari to‘lanishi kerakligini aytganida hech ham shubhalanmagandi. Unga ijara uy judayam zarur bo‘lganligi, tezroq ko‘chib o‘tishi kerakligi uchun ham noilojlikdan pulni oldindan to‘lagandi. U aldanganini bilgach, sudga murojaat qildi.
— Turmush o‘rtog‘im bilan birga Toshkent shahridan ijaraga uy olish maqsadida xonadon izlagandik. Poytaxtning Olmazor tumani hududidan 2 xonali uy ijaraga berilishi bo‘yicha e’lonni topib, ko‘rsatilgan telefon raqami orqali Anvar bilan gaplashganman. Uy egasi xonadonini oyiga 200 AQSH dollaridan ijaraga berishini aytdi. Undan narxini biroz arzonlashtirishni so‘raganimda 180 AQSH dollari qilib berishini, faqat kommunal to‘lovlarni o‘zim to‘lashimni aytgach, o‘zaro kelishuv bo‘ldi. Taklifga rozi bo‘lganimdan so‘ng, uy egasi to‘lov uchun plastik kartasi raqamini yubordi. O‘sha paytda Samarqandda bo‘lgani uchun dugonamdan so‘ralgan pulni Anvarning plastik kartasiga o‘tkazib berishini iltimos qildim. Ertasiga ham, indiniga ham Anvarning telefon raqami o‘chirilgan edi. Shunda aldanganimni sezgach, ushbu holat yuzasidan ariza bilan ichki ishlar organiga murojaat qildim, - dedi jabrlanuvchi sud majlisida.
Har qanday jinoyatga jazo muqarrar. Avval uch marta sudlanib ham to‘g‘ri yo‘lga qaytmagan, qilmishlaridan xulosa chiqarmagan usta firibgar sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirishga majbur bo‘ldi. Dastlabki tergov organi tomonidan uning takroran firibgarlik qilgani, ya’ni aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritganligi hisobga olindi, albatta. Bu safar unga nisbatan tayinlangan jazoga ilgarigi hukm bo‘yicha tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Mirziyod ABIDOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi sudyasi