Oltiariqning “ishkomli uylari”ni ko‘rganmisiz?
“Oltiariqlik dehqonlar tomorqasidan bir yilda to‘rt marotaba hosil olishiga ishonasizmi?
Uzumning “Rizamat ota” nomli navi asosan xorijga eksport qilinadi... Oltiariqlik o‘g‘il bolalarning kompyuter xonalariga borishga vaqti yo‘q, chunki dalada ularni maroqli mehnat kutadi”.
Oltiariqqa mehmonga yoki biror yumush bilan borgan har qanday odamning ko‘nglidan yuqoridagi kabi fikrlar o‘tadi.

Rishton tumani tugab, Oltiariqqa kirib borishingiz bilan ko‘chalardagi ishkomlarda osilib turgan uzumlarga ko‘zingiz tushadi. Bu yerdagi odamlarning hammasining ko‘chasiyu uylari bir xil – “ishkomli”.
Tumanning Povulg‘on qishlog‘iga borishni niyat qilgan edik. Bu qishloq shoir Azamjon Oripovning xonadoni yonida joylashgan kattakon “drinaj” (kran) dan boshlanadi. Drinajdan tushgan muzdek suv ariq bo‘ylab oqib, xonadonlardagi tomorqalarga kirib boradi. Kimning hovlisi suvga to‘ysa, kelib drinajni o‘chirib qo‘yadi. Chunki oltiariqlik dehqonlar har tomchi suvning qadriga yetishadi. Bu yerning odamlari dalaning orqasidan o‘g‘il-qizlarini o‘qitishadi, to‘yu tomoshalar qilishadi. Vodiyliklar orasida ham eng ko‘p oliy o‘quv yurtlariga kiradigan abituriyentlar Oltiariqdan chiqadi.
Povulg‘on qishlog‘ida yashovchi Vohidjon Boltaboyevning ham besh nafar farzandi bor, to‘rt qiz, bir o‘g‘il. U ham ikki nafar qizini shartnoma asosida o‘qityapdi. “Isoqjon-Musajon o‘g‘li” xususiy uzumchilik bog‘i rahbari bo‘lgan Vohidjon Boltaboyev hamqishloqlari qatori kechasiyu kunduzi mehnat bilan band.

– Yaqinda yana ikki gektar yer olib, uzumning “mers”, “kindik”, “rizamat ota”, “shoxonak”, “gulkaptar”, “echki emar” kabi navlarini ekdim, –deydi V. Boltaboyev biz bilan suhbatda. –Bu uzumlarning har birining o‘ziga yarasha ta’rifi bor. Masalan, “echki emar” navidan asalning ta’mi keladi. “Kindik” navli uzum donalarining har biri o‘rtasi xuddi odamning kindigiga o‘xshab teshik holatda. “Rizamat ota” navi ham o‘z nomi bilan o‘zbekning dasturxoniga o‘zgacha fayz beradi.
Olloh nazari tushgan bu tuproqda uzumning shunday navlari borki, ortiqcha mehnat hamda sarf-xarajat talab qilmaydi. Uzumning juda ko‘p navlari kattakon muzlatkichlarda saqlanib, qishda ham xuddi daladan hozirgina uzib kelingandek turadi.
Qishloq bo‘ylab aylanib yurar ekansiz, ko‘chada bekorchilikdan zerikib o‘tirgan erkak yoki ayolga ko‘zingiz tushmaydi. Bu yerda yoshu qari mehnat bilan band. Hatto kichkina bolalar ham qo‘lidan kelganicha ota-onasiga yordam bergisi keladi. Bir hovliga kirsangiz, bog‘da qaychi ushlagan otasining ortidan quti ko‘tarib yurgan bolaga ko‘zingiz tushsa, yana bir hovlida onasi bilan uzumlarni saralayotgan qizaloqlarni ko‘rib, qalbingiz faxrga to‘ladi.
– Tumanimizda hamma mehnat bilan band bo‘lgani bois, yoshlar orasida ajrimlar juda kam, –deydi “Yangi chek” qishloq fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Shahriobod Noraliyeva. — Qishlog‘imizning erkagu ayoli bir qarich yerdan ham foyda olishga harakat qilishadi. Ishkomda uzum, tomorqada esa karam, uni uzib olgach sholg‘om, so‘ngra mavsumiy boshqa ekinlar... Xullas, bir yilda hamqishloqlarimiz yerdan to‘rt marotaba hosil olishadi.
Bu tumanda yashovchi odamlar shuncha mehnat bilan band bo‘lishiga qaramay o‘qishga, ilm olishga, izlanishga va iste’dodlarini namoyon qilishga ham vaqt topishadi. Erkin Vohidov, Anvar Obidjon kabi taniqli shoirlar, Oxunjon Madaliyevdek xalq sevgan san’atkorlarni voyaga yetkazgan ushbu zamindan yana ko‘plab ulug‘ insonlar yetishib chiqishiga umid bildiramiz.
Nigora Rahmonova,
O‘zA