“Olmaliq KMK”: Yangi loyihalar, raqamlashtirish va samara
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan OAV vakillari va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi. Unda ishtirokchilar jamiyatda raqamlashtirish, mahalliylashtirish va investitsiya dasturlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ishtirokchilar jamiyatga qarashli “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida bo‘ldi. Ma’lumot berilganidek, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ texnologik ishlab chiqarish zanjirining boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgan Qalmoqqir kareri juda qulay geografik va iqtisodiy sharoitga ega Olmaliq-Angren sanoat mintaqasida joylashgan.


– Qalmoqqir kon boshqarmasi yirik konchilik korxonalaridan biri, – dedi «Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Umida Qarshiboyeva. – Karerning qurilishi 1954 yilda boshlangan, 1959 yil 1 iyulda esa Qalmoqqir konidan ilk marotaba ma’dan yuklandi va o‘sha vaqtdan beri muntazam ravishda belgilangan bashorat ko‘rsatkichlari bajarib kelinmoqda. Hozirgi vaqtda konning uzunligi 4000 metr, kengligi esa 2000 metrdir. Ushbu kondan o‘tgan yili 38 million 800 ming tonna ruda qazib olingan. Bu yil esa 34 million tonna ruda qazib olinishi belgilangan.
“Yoshlik-I” koni haqida gap ketganda, uning o‘zlashtirish loyihasi Prezidentimizning 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotir. Mazkur loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga 105 million tonna ruda qazib olish quvvatiga ega kon, 60 million tonna ruda qayta ishlash imkoniyatga ega yangi 3-sonli Mis boyitish fabrikasi, 50 million tonna ruda qayta ishlash imkoniyatga ega yangi 4-sonli Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi ishlab chiqarish quvvatlari kengaytiriladi. Bunday o‘zgarishlar tufayli 6 mingdan ziyod yangi ish o‘rni vujudga keladi.


bugungi kunda jamiyatda raqamlashtirish ishlari ham tizimli amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Raqamli OKMK – 2030” konsepsiyasi tasdiqlandi.
– Konsepsiyaga muvofiq belgilab qo‘yilgan vazifalar zaxira ma’lumotlar markazini yaratishni hisobga olgan holda mavjud server infratuzilmasini, OKMKning tarkibiy bo‘linmalarida mahalliy hisoblash tarmog‘ini, mavjud kompyuterlar bazasini va aloqa tizimlarini modernizatsiya qilish ishlarini qamrab oladi. Shu bilan birga, kombinatning uzoq masofada joylashgan korxona va bo‘linmalari ham yagona korporativ tarmoqqa ulanadi.


Bu esa, muvozanatli, yuqori unumdorlikka ega, xatolarga va ofatlarga chidamli ma’lumotlar markazining ishlashini ta’minlaydi hamda kombinatning tarkibiy bo‘linmalarida korporativ axborot tizimlari va xizmatlaridan foydalanish, barcha ma’lumot almashinuvlarini yagona raqamli aloqa maydoniga birlashtirib, axborot almashinish tezligini ta’minlaydi, – dedi U. Qarshiboyeva.
Ishtirokchilar raqamlashtirish, mahalliylashtirish va investitsiya dasturlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA