Oliygoh bitiruvchilari ish bilan ta’minlanmoqda
Mehnat bozorida raqobatbardosh muhandis kadrlar yetishtirishda dual ta’lim tizimining alohida o‘rni bor.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilning 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ham dual ta’lim tizimiga o‘tish to‘g‘risida alohida so‘z yuritilgan edi. Yurtboshimiz yig‘ilishda “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab berilishi, barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochishi, dual ta’limni yo‘lga qo‘yishini ta’kidlagan edi. Bunda korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga mablag‘ ajratadi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda kadrlarni tayyorlash bo‘yicha katta tajriba mavjud. Korxonada oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti esa kombinat korxonalari uchun soha mutaxassislarini tayyorlashda yetakchi oliy o‘quv yurti hisoblanadi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab kombinat va universitet o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi asosida 4-bosqich talabalari amaliyoti korxona bo‘linmalarida olib borilmoqda. Bugungi kunda 150 nafar universitet talabasi dual ta’lim asosida onlayn o‘qib, Markaziy kon boshqarmasi bo‘linmalarida faoliyat olib bormoqda. Talabalar nazariy bilimlarni amaliyotda yanada mustahkamlab, bevosita ish joyida kasbga doir ko‘nikmalarga ham ega bo‘lmoqda.
Joriy yilda dual ta’lim asosida Zarafshon ta’mirlash-mexanika zavodiga Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabalarining 14 nafari suhbat asosida ishga qabul qilindi. Ularga malakali mutaxassislar ustoz sifatida biriktirilgan.

– Joriy yilning fevral oyida universitetimizda kombinat hamkorligida dual ta’lim asosida ishga qabul qilish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi, – deydi Mashinasozlik texnologiyasi yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Jahongir Oblaqulov. – Ana shu uchrashuvda men suhbat orqali Zarafshon ta’mirlash-mexanika zavodiga ishga qabul qilindim. Hozirda dual ta’lim tizimi asosida onlayn o‘qib, zavodda tokar vazifasida ham ishlayapman. Shu bilan birga zavodning malakali mutaxassislaridan kasb sir-asrorlarini o‘rganmoqdaman.
Bugungi kunda ishga qabul qilingan talabalarning ish joyiga qatnashi uchun korxona tomonidan transport ajratilgan, tushlik tashkillashtirilgan va belgilangan miqdorda oylik ish haqi ham to‘lanmoqda.

Xullas, dual ta’lim tizimi talabalar o‘zlarining nazariy bilimlarini ishlab chiqarish korxonalarida mustahkamlab, amaliy ko‘nikmalar hosil qilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yondashuv nafaqat yosh avlodning professional malakalarini oshirish, balki ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ham ta’minlaydi.
Asosiysi mehnat sharoitiga moslashgan talabalar o‘qishni bitirgandan so‘ng shu korxonalarga ishga qabul qilinadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri