Oliy sud raisi Samarqandga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov rahbarligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Samarqand viloyatida sud-huquq masalalari yuzasidan ommaviy qabullar o‘tkazilmoqda.
Dastlabki qabul Samarqand tumanida o‘tkazildi. Unda Samarqand, Toyloq, Jomboy tumanlari va Samarqand shahrida yashovchi fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.
Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan qabulda Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Prezident Xalq qabulxonalari, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda mahalliy hokimliklar rahbar-xodimlari tomonidan 370 nafar murojaatchi qabul qilindi.

– Murojaatlarning 132 tasi jinoyat ishlariga, 65 tasi ma’muriy huquqbuzarliklar, 138 tasi fuqarolik, 18 tasi iqtisodiy ishlar, 17 tasi ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy ishlarga oid bo‘ldi – deydi Samarqand viloyati sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i S.Nabiyev. – 28 nafar fuqaroning da’vo arizasi birinchi instansiya sudining ish yurituviga, 45 nafar fuqaroning kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda ko‘rishga qabul qilindi. 8 nafar fuqaroning arizasi bo‘yicha ishlar appelyatsiya instansiyasiga ko‘rishga tayinlandi, 107 nafar huquqiy tushuntirish berildi.
Qabul davomida 41 nafar fuqaroga aliment undirib berildi, 15 nafar fuqaroning pensiya ta’minoti bilan bog‘liq nizolari hal etildi, 19 holatda fuqarolik ishlari sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilishi ta’minlandi, 5 holatda nikohdan ajratish haqidagi da’volar bo‘yicha taraflar yarashtirildi.

2 nafar tadbirkorlik subektining kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda ko‘rishga qabul qilindi, 8 ta yuridik shaxs vakili va tadbirkorga tegishli huquqiy tushuntirish berildi, 4 ta holatda iqtisodiy ishlari sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilishi ta’minlandi va ijobiy hal qilindi.
Ommaviy qabul doirasida ishchi guruh tomonidan jazo o‘tayotgan fuqarolarning ham murojaatlari eshitildi. 70 nafar mahkum qilmishidan chin ko‘ngildan pushayman ekanligi, o‘ziga tegishli xulosa chiqarganini bayon qildi. Bu murojaatlarning har biri batafsil o‘rganib chiqildi. Tashkil etilgan sayyor sud majlisida 24 nafar mahkumning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi. 45 nafar mahkum tayinlangan axloq tuzatish ishlari hamda ozodlikdan cheklash jazosidan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashagan A.Rasulov va A.Kamolov, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidan B.Davlatov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan shartli ozod qilinib, uyiga kuzatib qo‘yildi.
Xususan, “Sam FERRE” xususiy korxonasi vakili Shahboz Sayfiddinovning bojxona omborini kengaytirish masalasidagi murojaati shu kunning o‘zida ijobiy hal etildi.
Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti o‘qituvchisi Q.Tangirov nohaq ishdan bo‘shatilgan edi. Adolatsizlikka ilm dargohidan yechim topa olmagan o‘qituvchi Oliy sud raisining qabuliga kirib, murojaat qilgan edi. Murojaati odilona ko‘rib chiqilib, tegishli sud hujjatlariga binoan u o‘z ishiga tiklandi. Q.Tangirov ommaviy qabulda Oliy sud raisining qabuliga kirib, adolatni tantanasini ta’minlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Qabulda muammolari hal bo‘lgan 136 ta nafar fuqarolar
va tadbirkorlik sub’ektlari yozma va og‘zaki tashakkurnoma bildirdilar.
Qabul chog‘ida Samarqand tumanidagi “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan, ehtiyojmand oilalarning bir guruhiga mahalliy kengashlar deputatlari uchun ajratilgan mablag‘ hisobidan tikuv mashinasi, motokultivator va boshqa daromad topish mumkin bo‘lgan vositalar tarqatildi.
Ommaviy qabullar bugun Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlarida, 2 aprel kuni Past Darg‘om tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida, 3 aprel kuni esa Urgut tumanida yaqin hududlar aholisi uchun o‘tkaziladi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA