Oliy sud plenumi majlisi ochiqlik tamoyili asosida o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy sud sudyalari, senatorlar, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan majlis ilk bor Interaktiv xizmatlar portali orqali jonli efirda namoyish etildi. Bu sud tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi.
Majlisga raislik qilgan Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida odil sudlov jarayonlari izchil raqamlashtirilayotgani, sud faoliyatining ochiqligi va jamoatchilik nazorati tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi.
– Prezidentimiz aytganidek, odamlar sudga oxirgi umid sifatida keladi. Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson Yangi O‘zbekistonda adolat qaror topganiga ishonch hosil qilishi lozim. Buning uchun sud amaliyotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, qonuniy, adolatli va asoslangan qarorlar qabul qilinishi ta’minlanishi zarur, – dedi R.Mahmudova.
Majlisda Oliy sud plenumining uchta qarori loyihasi muhokama qilindi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglanib, mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Keng muhokamalardan so‘ng tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhokama qilingan asosiy hujjatlardan biri – “Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish amaliyoti to‘g‘risida”gi plenum qarori bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaga muvofiq inson huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadi hamda hech kim sud qarorisiz ushbu huquqlardan mahrum qilinishi yoki cheklanishi mumkin emas. Ayniqsa, ruhiy holati sababli o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan shaxslarning huquqlarini himoya qilishda mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Qarorda mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida sudga murojaat qilish tartibi, muomala layoqatini cheklash asoslari, voyaga yetmaganlarning muomala layoqati, shaxsning shikoyat qilish huquqi, prokuror hamda vasiylik va homiylik organlarining ishtiroki kabi muhim masalalarga aniq huquqiy tushuntirishlar berildi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala – “Fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi plenum qaroriga bag‘ishlandi.
Muhokamada sud qarorining nafaqat qonuniy va adolatli bo‘lishi, balki uning ijrosi ham samarali ta’minlanishi odil sudlovning muhim sharti ekani qayd etildi. Shuningdek, sud hujjati qabul qilinguniga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishining oldini olish muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan, da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) instituti huquqlar va qonuniy manfaatlarni ishonchli himoya qilish, sud hujjatlarining o‘z vaqtida va samarali ijrosini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim protsessual mexanizm sifatida e’tirof etildi.
Plenum qaroriga ko‘ra, javobgar mol-mulkni yashirish, boshqa shaxslarga o‘tkazish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish xavfi mavjud bo‘lgan hollarda da’voni ta’minlash choralari qo‘llanilishi mumkin. Ma’muriy sudlovda esa bunday choralar sud qarori qabul qilinguniga qadar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
[gallery-30234]
Qarorda protsessual qonunchilik asosida da’voni ta’minlash choralari sud ishlarini yuritishning istalgan bosqichida qo‘llanilishi mumkinligiga aniqlik kiritildi. Shuningdek, ish yuritish to‘xtatilgan davrda ham belgilangan tartib va muddatlarda ariza (iltimosnoma) taraflarni xabardor qilmasdan ko‘rib chiqilishi mumkinligi tushuntirildi.
Bundan tashqari, soddalashtirilgan tartibda ko‘rilayotgan ishlar bo‘yicha ham da’voni ta’minlash choralarini qo‘llash mumkinligi alohida qayd etildi.
Majlisda, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaror ham qabul qilindi. Unda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish, bolalar tarbiyasiga oid nizolar, kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar hamda ma’muriy huquqbuzarliklarga oid sud amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar nazarda tutilgan.
Qabul qilingan plenum qarorlari sudlar tomonidan qonun normalarining bir xil talqin qilinishi, yagona sud amaliyotini shakllantirish hamda qonuniy va adolatli qarorlar qabul qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA